"Kia Sonet" reklamasi boʻyicha chalgʻituvchi maʼlumot aniqlandi
Raqobat qoʻmitasi mazkur masala yuzasidan sotuvchiga moliyaviy jarima qoʻlladi.

Raqobat qoʻmitasi "Kia Sonet" reklamasi boʻyicha chora koʻrdi.
“ROODELL” MChJga (“KIA SONET” avtomashinasi reklamasida) qonunbuzilish holati boʻyicha moliyaviy jarima qoʻllanildi.
Raqobat qoʻmitasi tomonidan olib borilgan monitoringlar natijasida “ROODELL” MChJ faoliyatida reklama qonunchiligi talablariga rioya etilmaslik holati aniqlangan.
Xususan, ommaviy axborot vositalari va internet tarmoqlarida joylashtirilgan reklamalarda “KIA SONET” avtomashinasi muddatli toʻlov uchun 0%” degan mazmundagi maʼlumotlar tarqatilgan. Biroq, mazkur reklama axborotida “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunning 43-moddasi talablariga zid ravishda shartnomaning muhim shartlari, jumladan, qoʻshimcha toʻlovlar haqida aniq maʼlumot berilmagan.
Buning natijasida isteʼmolchilarda chalgʻituvchi tasavvur shakllangan va haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan maʼlumotlar asosida qaror qabul qilish ehtimoli vujudga kelgan.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan Qoʻmita Maxsus komissiyasi tomonidan “ROODELL” MChJga nisbatan “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunning tegishli moddalari talablari buzilishi yuzasidan ish qoʻzgʻatilib, ishni koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha moliyaviy jarima qoʻllash yuzasidan qaror qabul qilindi.
Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yoʻl qoʻymaslik yuzasidan koʻrsatma berildi.
Raqobat qoʻmitasi barcha xoʻjalik yurituvchi subʼektlarni amaldagi qonunchilikka rioya qilish, ayniqsa reklama faoliyatida aniq, oshkora va xolis maʼlumotlar taqdim etishga chaqirgan.
Avvalroq 800 mingga yaqin kishidan ortiqcha pul undirgan korxonalarga chora koʻrilgandi.