Salkam 800 ming kishidan ortiqcha toʻlov undirgan korxonalarning arizasi qanoatlantirilmadi
"O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi" AJ va "Shahar atrofida yo‘lovchi tashish" MChJlar Raqobat qoʻmitasi qarori ustidan sudga murojaat qilgan.

Sud "O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi" AJ va "Shahar atrofida yo‘lovchi tashish" MChJning murojaatini qanoatlantirmadi.
Raqobat qoʻmitasi Maxsus komissiyasi tomonidan olib borilgan oʻrganish natijalariga koʻra, "O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi" AJ va "Shahar atrofida yo‘lovchi tashish" MChJ tomonidan sotilgan chiptalardan vositachilik yigʻim qiymati boʻyicha umumiy hisobda jami 792 186 nafar isteʼmolchidan ortiqcha haq undirilganligi aniqlangan.
Qoʻmita mazkur jamiyatlarga ortiqcha undirilgan pullarni isteʼmolchilarga qaytarish;
-qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish;
-kelgusida bunday holatlarga yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisida koʻrsatma bergan.
Xususan, ushbu xizmat koʻrsatuvchi korxonalar qoʻmita qarori yuzasidan norozi boʻlib, sudga murojaat qilishgan.
Biroq, bir necha sud instansiyalarining hal qiluv qarorlari bilan "O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi" AJ va "Shahar atrofida yo‘lovchi tashish" MChJlarning arizalarini qanoatlantirish rad qilindi. Qoʻmita maxsus komissiyasining qarori va koʻrsatmasi oʻz kuchida qoldirildi.
Ortiqcha olingan mablagʻlarni qaytarishi va moliyaviy jarima toʻlashi belgilandi.
Avvalroq bukmekerlikni reklama qilgan blogerlar ishi qoʻmita tashabbusi bilan sudga yuborilgandi.