Istalgan avtomobilni olib berish bahonasi bilan odamlarni aldashda gumonlanganlar qamoqqa olindi
Umumiy yetkazilgan zarar 50 mlrd soʻmdan oshgan. Ish yuzasidan ichki ishlar vazirining oʻrinbosari Ramazon Ashropov boshchiligida tegishli mutaxassislar jalb etilgan holda Maxsus tezkor shtab tuzildi.

Fuqarolarga avtomobil olib berish vaʼdasi bilan ulardan 50 mlrd soʻmdan oshiq pul undirganlar qamoqqa olindi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.
Bir guruh fuqarolar past foizda (6-12%) avtomashina sotib olish niyatidagi fuqarolarga istalgan turdagi avtomashinani yetkazishi toʻgʻrisida ijtimoiy tarmoqlarda targʻibot olib borgan.
Ular Toshkent shahri va respublikaning turli nuqtalarida (Andijon, Namangan, Fargʻona, Sirdaryo, Samarqand, Buxoro, Navoiy, Xorazm, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari hamda Nukus shahrida) "Umid avto companies", “Umid Savdo Fayz Invest”, “Umid Avto Lizing”, “Umid Auto”, “Group Of Companies Ual”, “Umid Avto-Tashkent”, “Orient Auto”, “Umid Lizing Tashkent”, “Orient Avto-Lizing”, “Umid Auto Leasing”, “Group Of Orient Auto”, “Imkon Auto Xizmati”, “Umid Avto Companies”, “Busines Orientauto”, “Umid Auto Xizmati”, “Orient Auto Hamkor”, “Imkon Avto Markaz”, “Avtovariant”, “Ava Orientauto”, “Ava Umidavto”, “Avto Ijara Hizmati”, “Umid Auto Business Toshkent”, “Orient Auto Leasing”, “Orient Auto Toshkent”, “Ilgor Lizing” va “Orient Finans Lizing” kabi MChJlarni tashkil etgan.
Soʻngra mijozlar bilan dastlab boʻnak (avans) shartnomalarini tuzgan holda, 120 kun mobaynida avtomashina yetkazilishini vaʼda qilib, shartnoma shartlarini bajarmasdan, fuqarolardan kelib tushgan mablagʻlarni oʻzlashtirish bilan shugʻullanib kelganlar.
Holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida 843 nafar fuqarolar jabrlanuvchi deb topilgan boʻlib, umumiy 50,1 mld. soʻm zarar aniqlangan.
Jamiyatlarga tegishli 339 dona transport vositalari xatlangan. Ishga aloqador 9 nafar shaxsga nisbatan ayblov eʼlon qilinib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Hozirda, Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari polkovnik Ramazon Ashropov boshchiligida tegishli mutaxassislar jalb etilgan holda Maxsus tezkor shtab tuzilgan boʻlib, IIV Transport va turizm obʼektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti binosida har kuni soat 09:00dan 21:00ga qadar ish olib bormoqda.
"Suratdagi shaxslarning jinoiy faoliyatidan xabardor boʻlgan, shuningdek yuqoridagi MChJlarning noqonuniy faoliyatidan jabrlangan fuqarolardan Tezkor shtabga yoki 102 qisqa raqamiga murojaat qilishlarini soʻraymiz", deyiladi xabarda.