platina.uz
Jamiyat

Denov tumani sudi sobiq raisi 5 yilga qamaldi

U mast holatda avtomobil boshqarib YTH sodir etgan va bir kishining oʻlimiga sabab boʻlgan. 

Denov tumani sudi sobiq raisi 5 yilga qamaldi

Denov tumani sudi sobiq raisi besh yilga qamaldi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.

Qashqadaryo viloyat sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatida K. M.ga (1982 yilda Samarqand viloyatida tugʻilgan, jinoyat ishlari boʻyicha Denov tuman sudining raisi boʻlib ishlagan) oid jinoyat ishini koʻrib chiqish boʻyicha ochiq sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi eʼlon qilindi.

Ushbu jinoyat ishi Qashqadaryo viloyat sudi raisining oʻrinbosari - jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati raisi Oʻ. Mamadaliyevning raisligida birinchi instansiyada koʻrib chiqildi.

Sud hukmiga muvofiq K. M. Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 3 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni manzil-koloniyalarda oʻtashlik belgilandi.

Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Qashqadaryo viloyat sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga apellyatsiya/kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi maʼlum qilinadi.

Eslatib oʻtamiz, sud raisi mast holatda avtomobil boshqarib, YTH sodir etgan. Oqibatda haydovchi yonida boʻlgan shaxs, advokat vafot etgan.

K. M. aybiga umuman iqrorlik bildirmagan hamda mashina boshqaruvida oʻzi boʻlganini rad etgan. Ammo sud-biologik ekspertizasi rulda u boʻlganini tasdiqlagan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid