Ozarbayjon Rossiya bilan bogʻliq tadbirlarni bekor qildi. Munosabatlar sovuqlashmoqdami?
Yekaterinburgda Rossiya kuchishlatar tuzilmalari ozarbayjonliklarga qarshi reydda qoʻpollik ishlatgani, ikki kishi esa oʻlgani xabar berildi. Buning ortidan Ozarbayjon qator choralar koʻra boshladi.

Ozarbayjonda Rossiya davlat va xususiy muassasalari tomonidan oʻtkaziladigan barcha madaniy tadbirlar bekor qilindi. Bu haqda Ozarbayjon Madaniyat vazirligi X ijtimoiy tarmogʻida maʼlum qildi.
Bekor qilingan tadbirlarga konsertlar, festivallar, spektakllar va koʻrgazmalar kiradi. Fuqarolarga chiptalarni qaytarish uchun savdo nuqtalari va onlayn platformalarga murojaat qilish tavsiya etiladi.
Hammasi nimadan boshlangandi?
Respublika Madaniyat vazirligi Rossiya huquq-tartibot idoralarining Yekaterinburgdagi harakatlariga javoban shunday qaror qabul qildi. U yerda 50 ga yaqin Ozarbayjon fuqarosi etnik guruh faoliyatini bostirish vaqtida qoʻlga olingan. Bugun Yekaterinburgda etnik uyushgan jinoiy guruh ishi boʻyicha ikki ayblanuvchi qoʻlga olingani maʼlum boʻldi.
Shundan soʻng Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi Yekaterinburgda ozarbayjonliklarning hibsga olinishi munosabati bilan Rossiyaning respublikadagi vaqtinchalik ishlar boʻyicha vakilini chaqirtirdi. Vazirlik 27 iyun kuni oʻtkazilgan reydlar yuzasidan Rossiya tomoniga “qattiq norozilik” bildirdi.
Vazirlik maʼlumotlariga koʻra, voqealar chogʻida ikki ozarbayjonlik halok boʻlgan, bir necha kishi ogʻir tan jarohatlari olgan, toʻqqiz kishi hibsga olingan.
"Biz Rossiya bu ish boʻyicha zudlik bilan tergov olib borishini va nomaqbul zoʻravonlik uchun javobgarlarni imkon qadar tezroq javobgarlikka tortishini kutamiz", deyiladi TIV xabarida.
Rossiya Federatsiyasi Tergov qoʻmitasi va Ichki ishlar vazirligi hibsga olishlar uzoq yillik jinoyat ishlari boʻyicha tergov doirasida amalga oshirilganligini maʼlum qildi.
Bundan tashqari, Ozarbayjon Milliy Majlisi oʻz delegatsiyasining Moskvaga tashrifini bekor qildi.
Milliy Majlis raisi birinchi oʻrinbosari Ali Ahmedov boshchiligidagi delegatsiya Rossiya bilan hamkorlik boʻyicha parlamentlararo komissiyaning 23-yigʻilishiga Moskvaga bormaydi. Bu ham yuqoridagi ish bilan bogʻliq ekani aytilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, ikki davlat munosabatlari Qozogʻistondagi samolyot halokati sabab sovuqlashgandi. Oʻshanda Vladimir Putin Ilhom Aliyevga qoʻngʻiroq qilib uzr soʻragandi.