platina.uz
Jamiyat

Oʻzingni zaharlama: Toshkentda giyohvandlikka qarshi xalqaro tadbir oʻtkazildi

Dunyo boʻylab qariyb 300 million kishi giyohvandlik vositalarini isteʼmol qilyapti, qurbonlar soni esa bir yilda 600 ming kishidan oshmoqda.

Giyohvandlik va narkojinoyatlar bugungi kunda butun insoniyat uchun dolzarb muammolardan biri boʻlib qolmoqda. Ular shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligiga doimo jiddiy tahdid solib keladi.

Shu bois, xalqaro hamjamiyat bu illatga qarshi kurashishni muntazam amalga oshirib kelmoqda. BMT Bosh Assambleyasi qaroriga asosan Xalqaro narkotik moddalarni suiisteʼmol qilish va ularning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish kuni belgilangan.

26 iyun – Xalqaro narkotik moddalarni isteʼmol qilish va ularning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash kuni munosabati bilan Toshkent shahridagi International Hotel Tashkent mehmonxonasida tadbir boʻlib oʻtdi. Tadbir davomida CADAP-7 dasturi koordinatori Antonio Gonsales “Oʻzbekistondagi CADAP-7 dasturi tashabbuslari” mavzusida taqdimot oʻtkazdi.

BMT Narkotiklar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasining mintaqaviy vakolatxonasi xodimi Salome Flores xonim dunyoda kuzatilgan narkovaziyat toʻgʻrisida BMT tomonidan kuni kecha eʼlon qilingan hisobot toʻgʻrisida taqdimot oʻtkazdi. Unga koʻra, hozirda dunyo boʻylab qariyb 300 million kishi giyohvandlik vositalarini isteʼmol qilyapti, qurbonlar soni esa bir yilda 600 ming kishidan oshmoqda.

Mazkur muammolar koʻplab mamlakatlar qatori Oʻzbekistonni ham tashvishga solmoqda. Tahlillarga koʻra, soʻnggi 5 yilda Oʻzbekistonda narkojinoyatlar soni qariyb 2 baravarga, noqonuniy muomaladan olingan narkotiklar musodarasi 8,5 baravarga oshgan boʻlsa, sintetik giyohvandlik vositalari musodarasi 80 baravarga koʻpaygan.

Bu kabi koʻrsatkichlar giyohvandlik muammosining nafaqat kengayib borayotganini, balki turli ijtimoiy qatlam, jumladan, yoshlar va xotin-qizlar orasiga ham kirib borayotganini koʻrsatmoqda.

Mutaxassislar fikricha, bu tendensiyaga qarshi kurashishda faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar emas, balki butun jamiyat – oila, taʼlim muassasalari, OAV va fuqarolik jamiyati institutlari birlashgan holda harakat qilishi zarur.

Tadbirda oʻtgan bir yil mobaynida Oʻzbekiston hududida huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan noqonuniy muomaladan musodara qilingan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari va prekursorlarni yoʻq qilish marosimi onlayn tarzda namoyish etildi.

Davlat xavfsizlik xizmati maʼlum qilishicha, yoqish marosimida jami 2,1 tonnadan ortiq giyohvandlik vositalari yoʻq qilindi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid