platina.uz
Siyosat

Oʻzbekiston YeOIIning "Chegarasiz mehnat" platformasiga qoʻshilishga tayyorligini bildirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Belarusdagi YeOII yigʻilishida kuzatuvchi davlat rahbari sifatida ishtirok etdi. 

Oʻzbekiston YeOIIning "Chegarasiz mehnat" platformasiga qoʻshilishga tayyorligini bildirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Belarusda YeOII yigʻilishida qatnashdi va nutq soʻzladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 iyun kuni Minsk shahrida Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yigʻilishida EOII huzuridagi kuzatuvchi davlat rahbari maqomida ishtirok etdi.

Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko raisligida oʻtgan uchrashuvda Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, kuzatuvchi maqomida Kuba Respublikasi Prezidenti Migel Dias-Kanel, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Masʼud Pezeshkiyon (videomurojaat yoʻlladi) hamda Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Hayʼati raisi Baqitjan Sagʻintayev ham qatnashdi. Mehmon sifatida Abu-Dabi valiahd shahzodasi Shayx Xolid Ol Nahayon, Moʻgʻuliston Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari Nam-Osorin Uchral va MDH Bosh kotibi Sergey Lebedev ishtirok etdi.

Kun tartibidan koʻp tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini qoʻllab-quvvatlash, hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarida qoʻshma dasturlarni amalga oshirish masalalari oʻrin oldi.

Oʻzbekiston Prezidenti nutqining avvalida EOII mamlakatlari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish mamlakatimiz tashqi iqtisodiy siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanini taʼkidladi.

Tashkilotga aʼzo mamlakatlarga ularning delegatsiyalari joriy yilda Oʻzbekistonda oʻtkazilgan "Innoprom. Markaziy Osiyo" xalqaro sanoat koʻrgazmasi va toʻrtinchi Toshkent investitsiya forumida faol ishtirok etgani uchun minnatdorlik bildirildi.

Ushbu tadbirlar yakunida muhim kelishuvlarga erishilgani, hamkorlikning yangi yoʻnalishlari va istiqbolli loyihalari belgilab olingani alohida taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari yigʻilish ishtirokchilariga Oʻzbekiston bilan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi oʻrtasida koʻp qirrali hamkorlik qay darajada rivojlanayotgani toʻgʻrisida maʼlumot berdi. Xususan, kuzatuvchi davlat maqomidagi hamkorlik davrida Oʻzbekistonning Ittifoq mamlakatlari bilan tashqi savdo aylanmasi 80 foizga oshib, oʻtgan yil yakuniga koʻra 18 milliard dollarni tashkil etdi.

Joriy yil mart oyida qoʻshma Ishchi guruhning toʻrtinchi yigʻilishi muvaffaqiyatli oʻtkazildi, uning yakunida texnik toʻsiqlarni bosqichma-bosqich bartaraf etish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish va ishbilarmonlik tashabbuslarini ragʻbatlantirish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Qariyb 40 ta aniq tadbirni qamrab olgan yangi uch yillik Rejani amalga oshirish boshlandi. Oʻzbekiston EOIIning muhim tashabbuslari, jumladan, "Yevroosiyo agroekspress", elektron savdoni rivojlantirish, yuk tashishni raqamlashtirish va iqlim kun tartibi kabi loyiha va dasturlarida ham faol ishtirok etmoqda.

Bundan tashqari, aprel oyida mamlakatimizning Yevroosiyo taraqqiyot bankini taʼsis etish toʻgʻrisidagi bitimga qoʻshilish jarayonlari yakunlandi. Bank bilan birgalikda infratuzilmani modernizatsiya qilish, metallurgiya, toʻqimachilik, kimyo va boshqa strategik tarmoqlarda istiqbolli loyihalar portfeli ishlab chiqilmoqda.

Davlatimiz rahbari EOII bilan sheriklikni rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari boʻyicha oʻz nuqtai nazarini bayon qildi.

Oʻzaro tovar ayirboshlashni koʻpaytirish uchun qulay sharoitlar yaratish muhimligi qayd etildi. Oʻzbekiston mamlakatlarimiz oʻrtasidagi erkin savdo zonasi faoliyatini taʼminlash bilan bogʻliq barcha kelishuvlarni toʻliq bajarib kelayotgani taʼkidlandi.

Shu maʼnoda, mamlakatimizning savdo operatsiyalarini texnik tartibga solish tartib-taomillarini soddalashtirish va tizimlarini yaqinlashtirishga qaratilgan qator takliflarini ekspertlar darajasida ishlab chiqishni jadallashtirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Shuningdek, Oʻzbekiston savdoni qoʻllab-quvvatlash vositalari va mexanizmlarida – EOII texnik jihatdan tartibga solishning raqamli tizimi va raqamli transport yoʻlaklari ekotizimi, Yevroosiyo qayta sugʻurtalash kompaniyasi kabilarda qatnashishdan manfaatdor ekani qayd etildi.

Zamonaviy axborot texnologiyalari va sunʼiy intellekt jadal rivojlanayotganini hisobga olib, raqamlashtirish sohasidagi koʻp tomonlama hamkorlik istiqbollari koʻrsatib oʻtildi. Bu borada elektron savdo, tovarlarni raqamli markirovkalash, yangi avlod logistika platformalarini yaratish, muayyan tarmoqlarda sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish kabi yoʻnalishlarni qamrab olgan alohida dastur qabul qilish taklif etildi.

Shuningdek, Oʻzbekiston oʻtkazish punktlarining yagona integratsiyalashgan axborot tizimida ishtirok etishi mumkinligi taʼkidlandi. Bu chegaralardan oʻtishni tezlashtirish, monitoring samaradorligi va barcha tartib-taomillarning shaffofligini taʼminlash imkonini beradi.

Kooperatsiya aloqalarini rivojlantirishni ragʻbatlantirish maqsadida kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yoʻlga qoʻyilgan dasturlar doirasida, shu jumladan EOII Ishbilarmonlar kengashi bilan birgalikda amaliy hamkorlikni kengaytirishga tayyorlik bildirildi.

Oʻzbekiston sanoat loyihalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmi hamda Sanoat kooperatsiyasi va texnologiyalar transferi boʻyicha Yevroosiyo tarmogʻi platformasining imkoniyatlaridan foydalanishdan manfaatdor ekanligi aytildi.

Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash sohasida qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilari hamkorligi uchun imkoniyatlarni kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish muhimligi taʼkidlandi.

Oʻzbekistonning EOII mamlakatlari bilan Agrokooperatsiya dasturini qabul qilish haqidagi tashabbusni amalga oshirish shular jumlasidan. Ushbu dastur ilgʻor texnologiyalarni joriy etish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini tashish qoidalarini soddalashtirish, "yashil" yoʻlakning samarali ishlashi va kengaytirilishini nazarda tutadi.

Oʻzbekiston oʻtkazish punktlarining yagona integrallashgan axborot tizimida ishtirok etish imkoniga ega ekanini ham taʼkidlamoqchiman. Bu, eng avvalo, chegaralardan oʻtishni tezlashtirish, monitoring samaradorligi va barcha jarayonlar shaffofligini taʼminlash imkonini beradi.

"Kooperatsiya aloqalarini rivojlantirishni ragʻbatlantirish uchun kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ishga tushirilgan dasturlar, jumladan, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi Ishbilarmonlik kengashi bilan qoʻshma chora-tadbirlar doirasida amaliy hamkorlikni kengaytirishni taklif etamiz.

Sanoat sohasidagi loyihalarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmi hamda sanoat kooperatsiyasi va texnologiyalar transferi boʻyicha Yevroosiyo tarmogʻi platformasi imkoniyalaridan foydalanishdan manfaatdormiz.

Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash sohasida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning hamkorligi uchun imkoniyatlarni kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqishda saʼy-harakatlarni birlashtirish muhimdir. Bu oʻrinda soʻz, avvalo, Oʻzbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari bilan agrokooperatsiya dasturini qabul qilish haqidagi tashabbusimizni amalga oshirish haqida bormoqda. Ushbu dastur ilgʻor texnologiyalarni joriy etish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari harakatlanishi tartiblarini soddalashtirish, “yashil” yoʻlaklarning samarali faoliyati va ularni kengaytirishni nazarda tutadi", deyiladi prezident nutqida.

Bundan tashqari, EOII boʻyicha hamkorlar bilan tartib-qoidalarni soddalashtirish va mehnat resurslari harakatchanligini oshirish boʻyicha faol ishlar olib borilmoqda. Shu munosabat bilan mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan sohalarda kasbiy standartlar va malaka talablarini yaqinlashtirish masalalari yuzasidan ekspertlar maslahatlashuvini oʻtkazish taklif etildi.

Shuningdek, tashkilot doirasida ishga tushirilgan "Chegarasiz mehnat" integratsiyalashgan platformasiga qoʻshilishga tayyorlik ham bildirildi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid