"Murakkab dunyoda OAVning oʻrni muhim": Prezident jurnalistlarni tabrikladi
Respublikada salkam 2,5 mingga yaqin ommaviy axborot vositalari faoliyat yuritmoqda, ularning 65 foizi nodavlat sektor hissasiga toʻgʻri kelmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga tabrik yoʻlladi.
"Global ijtimoiy-siyosiy jarayonlar beqiyos shiddat bilan oʻzgarayotgan hozirgi oʻta murakkab va notinch dunyoda ommaviy axborot vositalarining oʻrni va taʼsiri har qachongidan ham kuchli ahamiyat kasb etayotganini hammamiz sezib-anglab turibmiz.
Shu maʼnoda, bepoyon mediaolamda xolis va haqqoniy axborot tarqatish bilan birga, milliy manfaatlarimizni qatʼiy himoya qiladigan jurnalist ahlining mashaqqatli mehnatini muqaddas sarhadlarimizda sergak turgan Vatan posbonlarining jasoratiga qiyoslasak, oʻylaymanki, oʻrinli boʻladi", deydi prezident.
Respublikada faoliyat koʻrsatayotgan 2 ming 400 ga yaqin ommaviy axborot vositalarining 65 foizi nodavlat sektor hissasiga toʻgʻri kelmoqda, xususiy nashrlar, teleradiokanallar, internet resurslari tobora ortib, ulardan foydalanuvchilar soni 14,7 milliondan 32,7 millionga yetgan.
Onlayn-platforma va veb-saytlar foydalanuvchilarining huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgan.
"Mamlakatimiz jurnalistlari va ijodiy jamoalari tomonidan bildirilgan takliflarni inobatga olib, bu yil “Oltin qalam” milliy mukofoti birinchi marta 27 iyunda – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kunida topshirilmoqda.
Fursatdan foydalanib, bugun sizlarning ishtirokingizda tantanali ravishda taqdirlanadigan barcha tanlov gʻoliblarini va yuksak davlat mukofotlariga sazovor boʻlgan soha xodimlarini chin qalbimdan samimiy tabriklayman", deydi davlat rahbari.
Eslatib oʻtamiz, bayram munosabati bilan avvalroq bir guruh OAV xodimlari mukofotlangandi.