platina.uz
Jamiyat

Oʻzbekistonda pensiya yoshini oshirish hozircha rejalashtirilmayapti

Xalqaro valyuta jamgʻarmasi missiyasining Oʻzbekistonga tashrifi yakunlari eʼlon qilindi. Unda pensiya yoshini oshirish boʻyicha tavsiya mavjud. 

Oʻzbekistonda pensiya yoshini oshirish hozircha rejalashtirilmayapti

Oʻzbekistonda pensiya yoshini oshirish rejalashtirilmayapti. Bu haqda Pensiya jamgʻarmasi xabar berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Xalqaro valyuta jamgʻarmasi va boshqa xalqaro tashkilotlarning tavsiyalariga asoslanib, Oʻzbekistonda pensiya yoshi oshirilishi haqida turli xabarlar tarqalmoqda.

Ushbu maʼlumotlar keng jamoatchilik orasida muhokamalarga sabab boʻlayotganini inobatga olib, Pensiya jamgʻarmasi quyidagilarni maʼlum qildi:

Hozirda Oʻzbekistonda pensiya tizimini isloh qilish boʻyicha yakuniy qaror qabul qilinmagan. Amalga oshirilayotgan ishlar oʻrganish, tahlil qilish va takliflar ishlab chiqish bosqichida turibdi.

Vazirlar Mahkamasining Qarori (VMQ-600-son) asosida amaldagi davlat pensiya taʼminoti tizimida mavjud muammolarni tahlil qilish hamda ilgʻor xorijiy tajriba asosida pensiya taʼminoti tizimining barqarorligini taʼminlash va ijtimoiy adolatni mustahkamlashga qaratilgan takliflarni tayyorlash boʻyicha Ishchi guruhi tuzilgan. Ishchi guruhga Davlat pensiya taʼminoti tizimini isloh qilish konsepsiyasi loyihasiga takliflar ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan.

Shuningdek, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida ham mahalliy va xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda ushbu Konsepsiya loyihasi boʻyicha takliflar ishlab chiqish belgilangan.

Shuni alohida taʼkidlash lozimki, hozirgi kunda Oʻzbekistonda pensiya yoshini oshirish boʻyicha hech qanday yakuniy qaror qabul qilinmagan.

Pensiya tizimiga kiritiladigan har qanday oʻzgartirishlar, jumladan, pensiya yoshiga oid masalalar ham, albatta, keng jamoatchilik muhokamasidan soʻng, xalqning fikri va manfaatlari inobatga olingan holda bosqichma-bosqich amalga oshiriladi, deyiladi xabarda.

25 iyun kuni tarmoqda Xalqaro valyuta jamgʻarmasi missiyasining Oʻzbekistonga tashrifi yakunlari boʻyicha xulosasi eʼlon qilindi.

XVJga koʻra, quyidagi islohotlar oʻtkazilishi zarur:

-pensiya yoshining past koʻrsatkichlarini bosqichli ravishda oshirish;

-ayrim tashkilot kategoriyalari uchun belgilangan imtiyozli badal stavkalarini bosqichma-bosqich bekor qilish bilan bir vaqtda standart badal stavkasini oshirish;

-pensiya nafaqasi miqdorini mehnat faoliyati davomidagi oʻrtacha daromad asosida hisoblash;

-avtomatik narx indeksi asosidagi pensiya indeksatsiya mexanizmini joriy qilish.

Statistik maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistonda pensiya oluvchilar soni 4,19 million kishini tashkil etib, shundan 3,47 million nafari yoshga doir, 476,2 ming nafari nogironlik, 248,9 ming nafari boquvchisini yoʻqotganlik pensiyalarini olmoqda.

Respublika boʻyicha oʻrtacha pensiya miqdori 1,43 mln soʻmni, Toshkent shahri boʻyicha esa 1,96 mln soʻmni tashkil etadi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid