Eronda besh kishi qatl etildi
Ular Isroil foydasiga josuslik qilishda ayblangan. Yana 700 nafardan oshiq kishi qoʻlga olindi.

Eron Isroil foydasiga josuslik qilishda ayblangan besh kishini osib oʻldirdi.
Rasmiy Tehronning daʼvo qilishicha, agentlar zarbalar uchun koordinatalarni dushmanga uzatgan va dronlar uchun uskunalar import qilgan, deb xabar beradi BBC.
Oxirgi ikki hafta ichida Eron rasmiylari 700 dan ortiq odamni Isroil razvedkasi bilan aloqadorlikda gumon qilib hibsga oldi. Eron davlat matbuotiga koʻra, besh nafari allaqachon qatl etilgan — ulardan uchtasi 25 iyun kuni ertalab osilgan.
Bular Tehron “sionistik rejim agentlari” deb ataydigan Eron va Afgʻoniston fuqarolaridir. Qatllar ommaviydir va hukmlar tezda - "urush rejimida" chiqariladi.
Eronning Fars News agentligi maʼlumotlariga koʻra, Isroil hujumi boshlanganidan beri (13 iyun) Eron razvedka xizmatlari josuslik faoliyatining kuchayganini qayd etgan.
Rasmiylarning taʼkidlashicha, Mossad tarmogʻi Isroil armiyasiga zarbalarni toʻgʻridan-toʻgʻri berish, nishonlar koordinatalarini uzatish, dron komponentlari va portlovchi moddalarni noqonuniy olib oʻtishda yordam bergan.
Tergovchilarga koʻra, qatl etilganlar aynan shunday operatsiyalarda ishtirok etgan.
Mizan adliya agentligi qatl etilganlardan baʼzilarining ismlarini eʼlon qildi: Idris Ali, Azad Shojai va Rasul Ahmad Rasul. Ular Urmiyada, Turkiya bilan chegaraga yaqin joyda osib oʻldirilgan. Yana ikki kishi, Muhammad-Amin Mahdavi Shoisteh va Majid Mosaybiy avvalroq, 22 va 23 iyun kunlari qatl etilgan edi.
Ularning barchasi Eronning yuqori martabali amaldorlariga suiqasd qilishda qoʻllanilgan asbob-uskunalarni oʻtkazgan yoki olib oʻtgani aytiladi.
Financial Times gazetasining yozishicha, josuslikda gumon qilinganlarga qarshi kurash uchun nafaqat razvedka xizmatlari, balki Basij kabi koʻngilli guruhlar ham safarbar qilingan. Ularning jangchilari vaqtinchalik nazorat-oʻtkazish punktlarini oʻrnatadi, transport vositalarini tekshiradi, qurol-yarogʻ, dron va kontrabanda komponentlarini qidiradi. Van haydovchilari, ishsizlar va shahar atrofi aholisi koʻpincha dalilsiz hibsga olinmoqda.
Huquq faollarining ogohlantirishicha, hibsga olingan 700 kishining koʻpchiligi sud jarayonlari shaffof emasligi uchun halok boʻlish xavfi bor.
Sud hokimiyati rahbari Gʻulom Husayn Mohseni-Ejey sudyalarni sud jarayonlarini choʻzmaslikka chaqirdi:
"Bu urush vaqti. Biz bir ish uchun ikki yoki uch oy vaqt sarflay olmaymiz", dedi u.
Tahlilchilar bunday holatlar 1970-yillar oxirida, ommaviy qatl va tozalashlar hokimiyatni saqlab qolish vositasiga aylangan postinqilob jarayonini eslatishini aytmoqda.
Avvalroq AQSh Eronning yadroviy qudratini yoʻq qila olmagani aytilgandi.