platina.uz
Jamiyat

Davlat xizmatida kadrlar tayyorlashning yaxlit tizimi joriy etiladi

Davlat xizmatchilarining xorijiy va ichki xizmat safarlarini tashkil etish, hisobini yuritish va tahlilini olib borish yagona modul orqali amalga oshiriladi. 

Davlat xizmatida kadrlar tayyorlashning yaxlit tizimi joriy etiladi

Davlat xizmatida kadrlar tayyorlashning yaxlit tizimi joriy etiladi.

Prezidentning "Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish hamda professional va natijadorlikka yoʻnaltirilgan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida" farmoni eʼlon qilindi.

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi hamda "El-yurt umidi" jamgʻarmasining doimiy hamkorligi asosida davlat xizmatida kadrlar tayyorlashning yaxlit tizimi joriy etiladi. Bunda:

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi:

- ochiq va adolatli tanlovlar asosida davlat xizmatiga eng munosib kadrlarni jalb qiladi, shuningdek, ularning gorizontal va vertikal kareraviy oʻsishiga koʻmaklashadi;

- davlat xizmatchilarining salohiyati va kasbiy kompetensiyalarini diagnostikadan oʻtkazadi va natijalariga koʻra xodimning portfoliosini shakllantiradi hamda rivojlantirish talab qilinadigan bilim va koʻnikmalarini oshirish choralarini koʻradi;

- Milliy kadrlar zaxirasini shakllantiradi hamda zaxiradagi nomzodlarning maqsadli tayyorlanishini tashkillashtiradi, Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasining malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslariga davlat buyurtmasini amalga oshiradi.

2026 yil 1 yanvardan boshlab:

- davlat xizmatiga birinchi marta qabul qilingan davlat xizmatchilari bilan mehnat shartnomasi dastlab bir yil muddatga tuziladi va keyinchalik faoliyatining ijobiy natijalariga koʻra mehnat shartnomasi nomuayyan muddatga uzaytiriladi;

- davlat xizmatiga birinchi marta qabul qilingan davlat xizmatchilari majburiy «Davlat xizmatiga kirish» maxsus kurslarini va keyinchalik har uch yilda kamida bir marotaba malaka oshirish kurslarini oʻtaydi hamda mazkur kurslarning yakunlari boʻyicha ularning nazariy bilim va koʻnikmalari diagnostikadan oʻtkaziladi;

- diagnostikada davlat xizmatchilarining tegishli soha va tarmoq boʻyicha bilim darajasi, hujjatlarni tuzish va davlat tilida ish yuritish koʻnikmalari, tahliliy, rahbarlik va kommunikativlik malakalari, kompyuter savodxonligi, qonunchilikdagi yangiliklarni, Oʻzbekiston tarixi va xorijiy tillarni oʻzlashtirganligi, umumiy eruditsiyasi, psixologik diagnozi va intellektuallik koeffitsiyenti (IQ) kabi koʻrsatkichlari baholanadi.

Davlat xizmati lavozimlarini egallash boʻyicha tanlov oʻtkazishda 2025 yil 1 avgustdan boshlab quyidagilar belgilansin:

- respublika, hududiy va tuman (shahar) darajasidagi tashkilotlardagi lavozimlarning boshqaruv va yordamchi guruhlari uchun tanlovlar faqatgina Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona portali orqali oʻtkaziladi;

-qonunchilikda lavozimga tayinlashda tegishli organlar bilan kelishilishi lozim boʻlgan lavozimlar boʻyicha kelishuv ushbu organlarning vakillarini tanlov komissiyasi tarkibiga kiritish yoʻli bilan amalga oshiriladi;

- test sinovlari Davlat xizmatchilarini sinovdan oʻtkazish moduli orqali maxsus jihozlangan xonalarda yoki masofaviy onlayn proktoring tizimi orqali oʻtkaziladi. Bunda tegishli davlat organida test sinovlarini maxsus jihozlangan xonalarda yoki masofaviy oʻtkazish masalasi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan murojaatlar tahlili, oʻrganishlar va soʻrovnomalar natijalariga koʻra hal etiladi.

2025 yil 1 oktabrdan boshlab davlat xizmatchilarining xorijiy va ichki xizmat safarlarini tashkil etish, hisobini yuritish va tahlilini olib borish "hrm.argos.uz" elektron tizimi tarkibidagi "Xizmat safari" yagona moduli orqali amalga oshiriladi.

2025 yil 1 sentabrdan boshlab davlat xizmatchilarining oʻz koʻnikmalarini doimiy rivojlantirib borishi hamda ular oʻrtasida oʻzaro muloqotni kuchaytirish boʻyicha imkoniyatlarni nazarda tutuvchi "Davlat xizmatchisi" mobil ilovasi ishga tushiriladi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid