Bogʻot tumani ayollar bandligini taʼminlash boʻyicha namunaviy hududga aylanmoqda
“Mikrokreditbank” rahbariyati prezident topshirigʻi ijrosini joyiga chiqib oʻrganmoqda.

Joriy yilning 1-2 may kunlari davlat rahbari Xorazm viloyatiga tashrifi chogʻida Bogʻot tumanini ayollar ishsizligidan xoli tumanga aylantirish, bu borada mahallabay yondashuvni joriy etish va samarali tajribalarni ommalashtirish boʻyicha muhim topshiriqlar bergan edi.
Mazkur vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida “Mikrokreditbank” ATB tomonidan qator amaliy ishlar olib borilmoqda. Kuni kecha bank boshqaruvi raisi oʻrinbosari Shaxlo Ibragimova Bogʻot tumaniga tashrif buyurib, berilgan topshiriqlar ijrosi qanday amalga oshirilayotgani bilan tanishdi.
Ayollar uchun konteyner doʻkonlar – yangi imkoniyatlar maskani
“Mikrokreditbank” ATB tashabbusi bilan tumanda zamonaviy konteyner doʻkonlar tashkil etildi. Ularda kitob doʻkoni, oziq-ovqat mahsulotlari, bolalar kiyim-kechaklari, tikuvchilik ustaxonalari, goʻzallik salonlari va boshqa turdagi savdo nuqtalari faoliyat yuritmoqda. Mazkur konteynerlarda faoliyatini yoʻlga qoʻygan jami 11 nafar xotin-qizga 350 million soʻm miqdorida kredit ajratilgan. Shaxlo Ibragimova ularning faoliyati bilan yaqindan tanishib, muammo va takliflarini oʻrgandi.

Aytish joizki, 2025 yilning may oyi holatiga Bogʻot tumanidagi xotin-qizlarga davlat dasturlari doirasida ajratilgan kreditlarning umumiy miqdori 111 milliard soʻmni tashkil etmoqda. Bu orqali yaratilgan ishchi oʻrinlari soni esa 50 nafardir.
“Bir kontur – bir mahsulot” loyihasi: ishsizlikka qarshi samarali yechim
“Mikrokreditbank” ATB tomonidan Toʻpchi mahallasida yana bir muhim tashabbus – “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida ijaraga yer maydonlari ajratilib, eksportbop va yuqori daromadli qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish loyihasi yoʻlga qoʻyildi
10 gektarlik yer maydoni mahallaning 65 nafar fuqarosiga har biriga 15 sotixdan ijara asosida ajratilgan boʻlib, bunda birinchi ekinda tarvuz mahsuloti yetishtirilmoqda. Bu orqali 7,5 tonna mahsulot olish rejalashtirilgan. Keyingi takroriy ekin sifatida sabzi ekilib, undan 4,5 tonna mahsulot olinishi koʻzda tutilgan.

Ahamiyatlisi, loyiha natijasida 65 nafar ishsiz fuqaro daromad manbai bilan taʼminlanadi. Hisob-kitoblarga koʻra, tarvuzdan 812 million soʻm, sabzidan esa 507 million soʻm sof foyda olinishi kutilmoqda.
Ayollarni ish bilan taʼminlash – bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi. “Mikrokreditbank” ATBning Bogʻot tumanida amalga oshirayotgan ishlari esa bu sohada amaliy natijalarga erishish mumkinligini yaqqol namoyon etmoqda.
Bank Axborot xizmati