Urganch shahar prokuraturasi tergovchisi qoʻlga olindi
U jinoyat ishi ayblov xulosasini sudga yubormasdan, tergovda tugatib berish evaziga pul va turli buyumlar olishda gumonlanmoqda.

Urganch shahar prokuraturasi tergovchisi ushlandi.
Urganch shahar prokuraturasi katta tergovchisi mansab mavqeidan foydalanib pora talab qilgani aniqlandi. U Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning viloyat boshqarmasi tomonidan mahalliy fuqaroga nisbatan qoʻzgʻatilib, oʻzining hamkasbi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilayotgan jinoyat ishini ayblov xulosasi bilan sudga yuborilmasdan, tergovda tugatib berish evaziga 3000 AQSh dollari talab qiladi.
Natijada, katta tergovchi 2025 yilning 16-28 may oraligʻida 1000 AQSh dollari, 10 mln. soʻm, qiymati 1000 AQSh dollariga teng boʻlgan 1 dona seyf va 1 mln. 300 ming soʻmlik 1 dona ish stoli jamlanmasini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritadi.
Ammo, fuqaro oʻziga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168 moddasi 1-qismi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan qoʻzgʻatilgan jinoyati ishi dastlabki tergovda tugatilmasdan, ayblov xulosasi bilan sudga yuborilganligini bilgach, tergovchidan muqaddam berilgan pul mablagʻlari va ashyolarni qaytarib berishini talab qiladi.
Shundan soʻng, tergovchi 1000 AQSh dollari, qiymati 1000 AQSh dollariga teng boʻlgan 1 dona seyf va 1 mln. 300 ming soʻmlik 1 dona ish stoli jamlanmasini fuqaroga qaytarib bergan vaqtida DXXning Xorazm viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda viloyat prokuraturasi xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda tergovchiga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Avvalroq xorijdan keltirilgan 8 kg giyohvand moddalar aniqlangandi.