Andijonda “Infratuzilmani rivojlantirish injiniring kompaniyasi” xodimlari sudga tortildi
Ular mahalliy tadbirkorlarga hujjatlarni soxtalashtirib, malbagʻlarni oʻzlashtirishida yordam berishgan.

Andijonda bir guruh xodimlar va MChJ rahbarlariga nisbatan sud hukmi eʼlon qilindi.
2025 yil 2 iyun kuni jinoyat ishlari boʻyicha Marhamat tuman sudining ochiq sud majlisida bir guruh tadbirkorlar va xodimlarga nisbatan sud ishi koʻrib chiqildi. Sud ishi nusxasi Platina.uz ixtiyorida mavjud.
Maʼlum boʻlishicha, sudlanuvchi Q.A. MChJ rahbari boʻlib, “Infratuzilmani rivojlantirish injiniring kompaniyasi” Andijon viloyat hududiy boʻlinmasi texnik nazoratchisi M.B bilan til biriktirgan. Ular aslida bajarilmagan ish hajmlari va olib kelinmagan qurilish mahsulotlarini qoʻshib yozishib, ushbu soxta hujjatlardan foydalangan holda 28 mln 952 ming 275 soʻm mablagʻlarni jamiyat hisob-raqamiga oʻtkazilishiga erishib, oʻziga ishonib topshirilgan va ixtiyorida boʻlgan oʻzganing mablagʻlarini oʻzlashtirish va rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilishgan.
Bundan tashqari Q.A. “Infratuzilmani rivojlantirish injiniring kompaniyasi” davlat muassasasi Andijon viloyat hududiy boʻlinmasi texnik nazoratchisi X. Sh. bilan til biriktirib, Marhamatdagi bogʻchani rekonstruksiya qilish boʻyicha soxta hujjatlardan foydalangan holda 185.111.516 soʻm mablagʻlarni jamiyat hisob- raqamiga oʻtkazilishiga erishgan.
Shuningdek, Q.A. yana bir texnik nazoratchi N.Sh. bilan til biriktirib, bogʻchaga ajratilgan pullar boʻyicha hujjatlarni soxtalashtirib, ushbu soxta hujjatlardan foydalangan holda 157.336.276 soʻmlarni, A.Qosimov jami 371.400.068 soʻmlik oʻziga ishonib topshirilgan va ixtiyorida boʻlgan oʻzganing juda koʻp miqdordagi mablagʻlarini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilishgan. Q.A. elektr tarmogʻiga ham noqonuniy ulanib, Andijon shahar elektr taʼminoti korxonasi Eski shahar boʻlimi manfaatlariga ancha miqdordagi 38.880.000 soʻmlik zarar yetkazgan.
Yana bir sudlanuvchi xavfli retsidivist Q.B.texnik nazoratchi X.Sh. bilan qurilish obʼektida foydalanilgan jami 282 mln. 576 ming 904 soʻmlik aslida bajarilmagan ish hajmlari va olib kelinmagan qurilish mahsulotlarini qoʻshib ѐzishib, talon-toroj qilgan.
Yana bir sudlanuvchi, MChJ rahbari T.O. Marhamat tumanidagi maktabni taʼmirlash asnosida noqonuniy ravishda 52.401.894 soʻm mablagʻlarni jamiyat hisob-raqamiga oʻtkazilishiga erishgan.
Ayblanuvchilar sudda oʻz ayblariga qisman iqrorlik bildirgan.
Yakuniy hukmga koʻra, A.Q.ga uzil-kesil bazaviy hisoblash miqdorining 105 baravari miqdorida 39.375.000 soʻm jarima jazosi tayinlandi. B.M.ga esa ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil 1 oy axloq tuzatish ishlari jazosi, Sh.N.ga ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil 1 oy axloq tuzatish ishlari jazosi, X.Sh.ga ham xuddi shunday jazo tayinlandi.
Sudlanuvchi T.O.ga JKning 59-moddasi tartibida ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil 1 oy axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
Sud ishi Oliy sud portalidan olindi.
Avvalroq Navoiyda maktab direktori oʻrinbosari va MChJ rahbarining qilmishlari oshkor boʻlgandi.