platina.uz
Jamiyat

Xorijdan keltirilgan 8 kgdan oshiq giyohvand moddalar aniqlandi

"Gashish"ni xufiya joyga berkitish asnosida qoʻlga tushgan shaxsning uyidan "opiy" ham chiqdi. 

Xorijdan keltirilgan 8 kgdan oshiq giyohvand moddalar aniqlandi

Xorijdan kontrabanda yoʻli bilan olib kelingan 8,2 kg narkotik moddalar toʻxtatib qolindi.

DXX Qashqadaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi va ichki ishlar organlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan.

Unda Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida yashovchi, 1995 y.t. shaxs Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yoʻli bilan olib kelingan 896 gr “gashish” moddasini kelgusida sotish maqsadida Denov tumani hududidagi xufiya joyga yashirish uchun olib borayotgan vaqtida qoʻlga olindi.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, uning yashash xonadonidan ham 2 kg 260 gr “opiy” moddasi tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

DXX Namangan viloyati boʻyicha boshqarmasi, bojxona va ichki ishlar organlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa Namangan shahrida yashovchi, 1987 y.t., muqaddam sudlangan fuqaro boshqaruvidagi avtomashina toʻxtatilib, koʻzdan kechirilganda, uning salon qismida 2 kg 990 gr “gashish” moddasi borligi maʼlum boʻldi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, Qirgʻiz Respublikasi fuqarosi tomonidan aylanma yoʻllar orqali Yangiqoʻrgʻon tumani hududiga yetkazib berilgan mazkur giyohvandlik vositasi Namangan shahrida sotilishi rejalashtirilgan.

Fargʻona viloyatida kuzatilgan holatda esa Margʻilon shahrida yashovchi, 1973 y.t. va Toshloq tumanida istiqomat qiluvchi, 1971 y.t. ikki nafar fuqaro oʻzaro jinoiy til biriktirib, Tojikistondan olib kelingan 487 gr “gashish” moddasini 5000 AQSh dollariga sotgan vaqtlarida DXX va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qoʻlga olindi.

Shuningdek, Toshloq tumanilik fuqaroning yashash xonadonidan 599 gr “gashish” moddasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Taʼkidlash lozimki, mazkur shaxslar muqaddam bir necha marotaba sudlangan boʻlishlariga qaramasdan, oʻz xatolaridan toʻgʻri xulosa chiqarishmagan.

Bu kabi qonunbuzilish holati Samarqand viloyatida ham qayd etilib, xususan, Urgut tumanida yashovchi, 1983 y.t., muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bogʻliq jinoyati uchun bir necha marotaba sudlangan shaxs Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yoʻli bilan olib kelingan 982 gr “opiy” moddasini oʻzining jinoiy sherigi boʻlgan, 1991 y.t. fuqaro bilan birga xaridorga 8000 AQSh dollariga sotgan vaqtlarida ushlandi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.

Avvalroq Toshkent viloyatida kadastr xodimi qoʻlga olingandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid