Shavkat Mirziyoyev Moʻgʻulistonda tantanali kutib olindi
Tashrif mamlakatlar oʻrtasidagi munosabatlarda yangi davrni boshlab berishi kutilmoqda.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Moʻgʻuliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsuxning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatga bordi.
“Buyant-Uxaa” xalqaro aeroportida Oʻzbekiston Prezidentini Moʻgʻuliston tashqi ishlar vaziri Batmunx Batsetseg, Moʻgʻulistonning Oʻzbekistondagi elchisi Daadanxuugiyn Batbaatar va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

Davlat tashrifi doirasida Suxbaatara maydonida rasmiy kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi.
Marosimda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev va rafiqasi Ziroatxon Mirziyoyevani Moʻgʻiliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux va uning rafiqasi Luvsandorjiyn Bolorsetseg tantanali tarzda kutib oldi.
Marosimda faxriy qorovul saf tortdi, ikki mamlakatning davlat madhiyalari yangradi. Prezidentlar faxriy qorovul safi oldidan oʻtdilar. Shuningdek, ikki davlat delegatsiyalari aʼzolari, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari bilan qisqacha uchrashuv boʻlib oʻtdi.


Shundan soʻng, Oʻzbekiston va Moʻgʻiliston prezidentlari Chingizxon haykali poyiga gul qoʻyib, Davlat saroyiga yoʻl olishdi. Davlat saroyida Shavkat Mirziyoyev faxriy mehmonlar kitobiga dastxat qoldirdi.
Ushbu tashrif Oʻzbekiston Prezidentining Moʻgʻilistonga ilk davlat tashrifi boʻlib, u mamlakatlar oʻrtasidagi munosabatlarda yangi davrni boshlab berishi kutilmoqda.
Tashrif doirasida ikki mamlakat oʻrtasida foydali qazilmalar, atrof-muhitni muhofaza qilish, fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishga doir muhim hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, Ulan-Bator shahrida Oʻzbekiston – Moʻgʻiliston biznes-forumi, “Made in Uzbekistan” koʻrgazmasi, turizm forumi, oʻzbek sanʼati namoyonlari va milliy oshxona kuni kabi keng koʻlamli tadbirlar tashkil etilishi koʻzda tutilgan.