Prezident tashqi savdo va transport-logistika boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi
Yaqin Sharqda roʻy bergan harbiy harakatlar shundoq ham notinch vaziyatni yanada keskinlashtirgani, Oʻzbekistonning jahonga chiqish yoʻllari va tashqi savdo aloqalariga taʼsir qilishi qayd etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 iyun kuni tashqi savdo va transport-logistika sohalarida kechiktirib boʻlmaydigan choralar muhokamasi boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.
Soʻnggi kunlarda Yaqin Sharqda roʻy bergan harbiy harakatlar shundoq ham notinch vaziyatni yanada keskinlashtirdi. Bu Oʻzbekistonning jahonga chiqish yoʻllariga va tashqi savdo aloqalariga salbiy taʼsir etmay qolmaydi.
Shu bois vaziyatni toʻgʻri baholab, tashqi savdo, investitsiya, transport sohalarida tezkor choralar koʻrish shartligi qayd etildi.
Xususan, eksport yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilish, yuklarni boshqa xavfsiz portlarga koʻchirish zarur. Bu esa, dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, tashish xarajatining 30 foizgacha oshishiga sabab boʻlishi mumkin. Shu bois hamkor davlatlar bilan muqobil yoʻllarni kelishish, eksportchi korxonalarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha topshiriqlar berildi.
Transport vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamda boshqa daxldor idoralar rahbarlariga tadbirkorlik subʼektlari bilan yaqindan ishlab, eksport-import amaliyotlariga koʻmaklashish, mahsulotlariga qoʻshimcha bozorlar topish vazifasi qoʻyildi. Shu bilan birga, ishlab chiqarishni izchil davom ettirish, ichki bozorda narx barqarorligini taʼminlash muhimligi taʼkidlandi.
Eslatib oʻtamiz, 24 iyunga oʻtar kechasi Eron Qatardagi AQSh bazalariga hujum qildi. Natijada qator davlatlar havo yoʻllarini yopdi. Keyinchalik AQSh tomonlar kelishuvga erishganini maʼlum qildi.