Mahmud Istamov adliya vaziri oʻrinbosari etib tayinlandi
U shu vaqtgacha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi devoni rahbari lavozimida ishlayotgandi.

Adliya vaziriga yangi oʻrinbosar tayinlandi.
Prezidentning tegishli qarori bilan Istamov Mahmud Shuxratovich adliya vaziri oʻrinbosari lavozimiga tayinlandi.
Mahmud Istamov 1979 yilda Buxoro viloyati, Buxoro shahrida tugʻilgan. Maʼlumoti oliy, huquqshunos, 1-darajali adliya maslahatchisi. 2000 yilda Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan.
Mehnat faoliyatini 2000 yilda Adliya vazirligi Idoraviy meʼyoriy hujjatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boshqarmasi katta maslahatchisi lavozimida boshlagan.
Keyinchalik mazkur boshqarmada bosh maslahatchisi, boʻlim boshligʻi, boshqarma boshligʻi oʻrinbosari boʻlgan. 2004-2005-yillarda Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy axborot bilan taʼminlash markazi rahbari, 2005-2006-yillarda Adliya vazirligi huzuridagi Normativ-huquqiy hujjatlarning amalga oshirilishi ustidan monitoring qilish markazi boʻlim boshligʻi lavozimlarida ishlagan.
Shuningdek, 2006-2011-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Davlat maslahatchisi xizmatining Adliya va sud idoralari faoliyati masalalari boʻyicha inspektori;
-2011-2014-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari faoliyatini muvofiqlashtirish xizmatining Adliya va sud idoralari masalalari shuʼbasining yetakchi inspektori;
-2014-2017-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Oliy Majlis, siyosiy va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik qilish xizmati Siyosiy partiyalar bilan hamkorlik qilish shuʼbasi mudiri;
-2017 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Siyosiy-huquqiy masalalar xizmati Sud-huquq sohasidagi qonunchilik shuʼbasi mudiri lavozimlarida ishlagan.
-2017-2019-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining oʻrinbosari, birinchi oʻrinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan.
-2019-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining oʻrinbosari lavozimida;
-2021-2024 yillarda Buxoro viloyati prokurori lavozimida ishlagan.
Tayinlovga qadar (2024 yildan) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Devoni rahbari lavozimida faoliyat koʻrsatgan.