Jahon urush bilan ovora paytda Xitoy siyosiy xaritani qayta chizmoqda
Butun dunyo Eron-Isroil oʻrtasidagi ziddiyat va boshqa mojarolarga chalgʻib turgan paytda bir voqea yuz berdiki, u shov-shuv qilinmadi, unga katta eʼtibor qaratilmadi.

Hozir butun jahon Eron va Isroil oʻrtasida tobora kuchayib borayotgan ziddiyat va boshqa hududlardagi yangi mojarolarga chalgʻib turgan paytda bir voqea yuz berdiki, u shov-shuv qilinmadi, unga katta eʼtibor qaratilmadi. Qozogʻistonda “Xitoy-Markaziy Osiyo” ikkinchi sammiti boʻlib oʻtdi.
Mazkur anjumanda XXR raisi Si Szinpin, Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston prezidenti Sardor Berdimuhamedov va Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sian sammiti oʻtkazilgan paytdan beri Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi hamkorlikning barcha sohalari boʻyicha yakunlarni sarhisob qildi, kelgusi taraqqiyot istiqbollarini belgiladi va yakdillik bilan “Xitoy–Markaziy Osiyo ruhi”ni ilgari surish haqida qaror qabul qildi. Ular abadiy yaqin qoʻshnichilik va doʻstlik tamoyillariga sodiq ekanliklarini tasdiqlab, Xitoy va Markaziy Osiyoning yagona taqdir hamjamiyatini rivojlantirishda doimiy yangi yutuqlarga erishish uchun birgalikda harakat qilishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.
Biroq uning ahamiyati butun bir mintaqaning siyosiy va iqtisodiy qiyofasini oʻzgartirib yubora oladigan daraja katta ekani anglab yetilmadi.
Har holda ozarbayjon siyosatshunoslaridan biri, publitsist, tarixchi va Ozarbayjonning CBC telekanali jurnalisti Teymur Atayevning maqolasini oʻqib shunday taassurot tugʻiladi.
Atayevning yozishicha, jahon matbuotidagi urush sarlavhalari soyasida qolgan ushbu anjuman, ehtimol, 2025 yilning eng muhim geosiyosiy lahzalaridan biri boʻladi. U shunday aniq mujda yoʻllamoqda: Xitoy nafaqat Markaziy Osiyo bilan aloqalarini chuqurlashtirmoqda, balki mintaqadagi taʼsir xaritasini ham oʻzgartirmoqda. Buni Gʻarb eʼtiborsiz qoldira olmaydi.
Global tartib-huquq tizimi sinovdan oʻtayotgan bir paytda, Markaziy Osiyo Sharq va Gʻarb oʻrtasidagi muhim geosiyosiy bogʻlovchi halqaga aylanmoqda. Ilgari ushbu hududga asosan Rossiya taʼsiri prizmasida qaralsa, endilikda u tobora koʻproq Pekinning koʻpqutbli dunyo konsepsiyasi bilan uygʻunlashmoqda. Va Xitoy shunchaki muloqot qilmayapti – u bu mintaqani uzoq muddatli strategik integratsiyaga tayyorlayapti.
Prezident Si Szinpin sammitdagi nutqida Xitoy va Markaziy Osiyoning besh davlati oʻrtasida “oʻzaro hurmat, ishonch va yuqori sifatli rivojlanish” asosida “umumiy ruh” shakllanayotganini alohida taʼkidladi. Bu shunchaki populizm emas. “Abadiy doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnoma” imzolangani, bu ruhni nafaqat siyosiy, balki infratuzilma, taʼlim, texnologiya va energetika sohalarida ham institutsionallashtirish niyatidan darak beradi.
Eng muhimi, Xitoy qashshoqlikni qisqartirish, taʼlim va choʻllanishga qarshi kurash boʻyicha uchta yangi mintaqaviy hamkorlik markazini tashkil etishini eʼlon qildi. Bu ramziy qadam emas. Bu – Xitoy taʼsirini Markaziy Osiyo davlatlarining kundalik boshqaruv muammolariga – iqlimga moslashishdan tortib inson kapitaligacha – chuqur singdirish harakatidir. Bu – yordam emas, strategik davlatchilik siyosatidir.
Sammit doirasidagi ikki tomonlama uchrashuvlarda ham muhim yechimlar muhokama qilindi. Si Szinpin har bir sherikka alohida takliflar berdi: Turkmaniston bilan resurslarga bogʻliq boʻlmagan savdoni kengaytirish, Tojikiston bilan infratuzilma loyihalarini jadallashtirish, Qirgʻiziston bilan sunʼiy intellekt va yashil energiya sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish, Oʻzbekiston prezidenti Mirziyoyev bilan mintaqaviy beqarorlik, xususan, Isroilning Eronga bergan zarbalari yuzasidan xavotir izhor qilindi. Bu shunchaki rasmiy muloqot emas – bu Xitoyning mintaqaviy konsolidatsiyasi strategiyasining yirik mozaik ifodasidir.
Shuningdek, sanoat kooperatsiyasi, yashil resurslarga investitsiya va “Bir kamar – bir yoʻl” tashabbusi boʻyicha qator hujjatlar imzolandi. Si Szinpinning Markaziy Osiyo davlatlarining suvereniteti va xavfsizligiga qaratilgan qoʻllab-quvvatlovi ham Gʻarb va Rossiyaga yoʻllangan muayyan signal boʻldi: endilikda Pekin – mintaqaviy mustaqillik kafolatchisi hisoblanadi!
Xitoy “yumshoq kuch” elementlarini ham unutmayapti. Konfutsiy institutlari va anʼanaviy Xitoy tibbiyoti markazlarining faoliyatini kuchaytirishga daʼvat etilgani – bu kelajak avlodlarga taʼsir koʻrsatish, taʼlim, axborot va jamoatchilik fikrini shakllantirish borasida uzoq muddatli strategiyani koʻrsatadi.
Endi bu mintaqa shunchaki geosiyosiy taxta emas, u oʻz taqdirini oʻzi belgilayotgan, sheriklarini oʻzi tanlayotgan va kelajagini shakllantirayotgan siyosiy aktyorga aylanmoqda. Xitoy uchun esa Markaziy Osiyo – chetdagi hudud emas, balki uning yangi diplomatik modeli uchun investitsiyalarga, koʻp tomonlama va oʻzaro manfaatli hamkorlikka asoslangan sinov maydoniga aylanmoqda.
Gʻarb siyosatchilari bunga eʼtibor qaratishi lozim. Ular xavfsizlikdagi tezkor krizislarga qarab turgan bir paytda, Xitoy – jimgina, bir maromda – harbiy bazalar yoki sanksiyalarsiz, balki bogʻlanish, taʼlim va uzoq muddatli integratsiya orqali taʼsir doirasini kengaytirmoqda. Xitoy va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi ikkinchi sammit – bu nafaqat signal, balki tayyor reja. Va u ishlayapti. Bu jarayonni eʼtiborsiz qoldirish – strategik xato boʻladi, deb yozgan jurnalist.