platina.uz
Madaniyat

“Turon” maktab teatri va “Iqtidor” maktab ansambli tanlovlarida gʻoliblar aniqlandi

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan Samarqand shahrida “Turon” maktab teatri hamda “Iqtidor” maktab ansambli tanlovlarining Respublika bosqich sinov jarayonlari tashkil etildi.

“Turon” maktab teatri va “Iqtidor” maktab ansambli tanlovlarida gʻoliblar aniqlandi

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan 17-19 iyun kunlari Samarqand shahrida “Turon” maktab teatri hamda “Iqtidor” maktab ansambli tanlovlarining Respublika bosqich sinov jarayonlari tashkil etildi.

“Turon” maktab teatri tanlovi haqida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 22 noyabrdagi tegishli qarori asosida tashkil etilayotgan “Turon” maktab teatri tanlovining tuman (shahar) bosqichi joriy yilning 24-28 fevral kunlari boʻlib oʻtdi. Unda 45 288 ta jamoa (362 304 nafar oʻquvchi) ishtirok etdi. Tanlovning hududiy bosqichi esa 11-29 mart kunlari 208 ta jamoa (1 664 nafar oʻquvchi) oʻrtasida oʻtkazildi.

Joriy yil ikkinchi marotaba oʻtkazilayotgan “Turon” maktab teatri tanlovi bahslarida maktablarning 6-11-sinf oʻquvchilaridan (8 nafar) iborat jamoalar ishtirok etdi. Jamoalar ikkita — “Bizning maktab” tanishtiruv va savol-javob hamda “Teatr – ibratxona” sahna spektaklini namoyish etish shartlari asosida bellashishdi.

Bunda ishtirokchi jamoalar milliy va umuminsoniy qadriyatlar, urf-odat va anʼanalarimizga mos, tarbiyaviy ahamiyatga ega boʻlgan asarlardan spektakl koʻrinishida parchalar ijro etishdi. Tanlov jarayonlari taniqli teatr aktyorlari, sohaning malakali mutaxassislaridan iborat hakamlar hayʼati tomonidan baholab borildi.

“Iqtidor” maktab ansambli tanlovi haqida

“Iqtidor” maktab ansambli tanlovining tuman (shahar) bosqichi joriy yilning 7-11 aprel kunlari 8 890 ta jamoa (71 120 nafar oʻquvchi) oʻrtasida, hududiy bosqichi 14-29 aprel kunlari 208 ta jamoa (1 664 nafar oʻquvchi) oʻrtasida oʻtkazildi.

Oʻquvchi-yoshlarning milliy cholgʻu sanʼatiga boʻlgan qiziqishlarini oshirishga xizmat qiluvchi mazkur tanlovida 6-10-sinf oʻquvchilari (8 nafar)dan iborat jamoalar ishtirok etdi.

Jarayonlar Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti va xizmat koʻrsatgan artistlaridan iborat sanʼatkorlar tomonidan baholab borildi.

Tanlovlarning gʻoliblar roʻyxati bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin.

“Registon” maydonida jam boʻlgan iqtidor egalari

17 iyun kuni Samarqand shahrida mazkur tanlovlarning Respublika bosqichi jarayonlari boshlandi.

Bunda har bir tanlov boʻyicha hududlardan kelgan 14 ta jamoa (har bir hududdan 1 tadan) belgilangan shartlar asosida kuch sinashadi. Bahslar taniqli sanʼatkorlar va sohaning malakali mutaxassislari tomonidan baholanadi.

Shuningdek, ishtirokchi oʻquvchilar Samarqand shahridagi tarixiy va madaniy obidalarga sayohat qilishadi.

“Turon” maktab teatri tanlovi bahslari hududdagi Hamid Olimjon nomidagi viloyat musiqali drama teatrida, “Iqtidor” maktab ansambli tanlovi bahslari Nurafshon sanʼat saroyida tashkil etildi.

Tanlovlar gʻoliblarini tantanali taqdirlash marosimi 19 iyun kuni “Boqiy shahar” majmuasida boʻlib oʻtdi. Unda Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva ham ishtirok etdi.

“Men uchun farzandlarimizning samimiy va begʻubor his-tuygʻularini hamda chaqnab turgan koʻzlarini koʻrishdan koʻra kuchliroq ilhomlantiruvchi narsa yoʻq.

Kecha Samarqand shahridagi “Boqiy shahar” majmuasida aynan shunday, ilhombaxsh kun boʻldi — respublikamizning iqtidorli yoshlariga bagʻishlagan haqiqiy isteʼdod bayrami tashkil etildi.

Har bir lahza oʻzgacha maʼno-mazmun kasb etdi. “Turon” teatr koʻrik-tanlovi gʻoliblarining taqdirlanishi, “Iqtidor” tanlovi finalchilari — maktab ansambllarining yorqin chiqishlari yurtimizda naqadar ijodiy salohiyatli va umidli avlod yetishib chiqayotganini koʻrsatdi.

Qobiliyatini, yuqori darajadagi mahoratini namoyon etgan barcha jamoalarni chin yurakdan tabriklayman!

Ushbu tadbir oldidan Maktabgacha taʼlim vazirligining hududiy boshqarmalari rahbarlariga xizmat avtomashinalari topshirildi”, deb yozdi S.Mirziyoyeva.

Yakuniy natijalarga koʻra, gʻolib deb topilgan jamoa aʼzolari xorijiy davlatlar (“Turon” maktab teatri tanlovi gʻoliblari — Turkiyaga, “Iqtidor” maktab ansambli tanlovi gʻoliblari — Ozarbayjonga) taʼlim sayohatiga yuboriladi.

Shuningdek, tanlovlarda 2-3-oʻrinlarni qoʻlga kiritgan jamoalar tashkilotchilar tomonidan qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid