Oʻzbekistonda katta AES qurish boʻyicha kelishuv imzolandi
Bu haqda faqat rus OAV xabar berdi, oʻzbek rasmiylari hozircha sukut saqlamoqda.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi "Oʻzatom" agentligi va "Rosatom" davlat korporatsiyasi Oʻzbekistonda katta quvvatli AYeS qurish boʻyicha kelishuvni imzoladilar.
Bu haqda rus nashrlari va "Rosatom" kanali xabar berdi. Hujjatlar imzolash marosimida "Oʻzatom" direktori Azim Axmedxoʻjayev va "Rosatom" bosh direktori Aleksey Lixachev qatnashgan.
“Oʻzbekistondagi kichik modulli elektr stansiyasi – bu zamonaviy kichik AESning dunyodagi birinchi eksport mahsulotidir. Hozir biz loyihani kengaytirish ustida ishlayapmiz va ushbu hududda (Jizzaxda) gigavatt quvvatiga ega boʻlgan yana ikkita yirik energiya blokini qurish ustida ish olib bormoqdamiz”, degan Lixachev.
Oliy Majlich Qonunchilik palatasi Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalari qoʻmitasi raisi, “Yuksalish” umummilliy harakati rahbari Bobur Bekmurodovning qayd etishicha, yirik atom elektr stansiyasi qurilishi haqidagi yangiliklarni faqat va faqat Oʻzbekiston rasmiylaridan olishimiz maqsadga muvofiq.
2024 yil may oyida "Oʻzatom" va "Rosatom" umumiy elektr quvvati 330 MVt boʻlgan oltita reaktordan iborat kichik atom elektr stansiyasini qurish boʻyicha shartnoma imzolagandi. Shu tariqa Oʻzbekiston va Rossiya kichik AES loyihasini qayta koʻrib chiqib, uning quvvatini uch baravarga – 330 MVt dan 110 MVt gacha kamaytirgandi.
2024 yil oktabr oyida Energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov atom elektr stansiyasi qurilishi kichik quvvatli reaktorlardan boshlanishini, biroq Oʻzbekistonga “baribir yirik reaktor kerakligi”, bu 2030 yilga borib qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 40% ga yetkazish rejalari bilan bogʻliqligini aytgan.
"Oʻzatom" direktori Azim Axmedxoʻjayev "Alter Ego"ga bergan intervyusida Oʻzbekistonga elektr energiyasiga boʻlgan talabni qoplash uchun katta quvvatli toʻrtta AES kerak, degan fikrni maʼqullagan. “Biz har yili koʻrayotgan tendensiyalar va isteʼmol hajmini hisobga olgan holda, ha, bularning barchasi uchun katta AYeS qurish zarur”, degandi u.
Joriy yilning mart oyida "Oʻzatom" va "Rosatom" Oʻzbekistonda katta quvvatli AYeS qurish istiqbollarini muhokama qilgan. Muzokaralar doirasida obʼektni joylashtirish variantlari koʻrib chiqilgan, milliy energetika infratuzilmasini barqaror rivojlantirishga qaratilgan loyihaning texnik va strategik parametrlari tahlil qilingan.
28 aprel kuni Shavkat Mirziyoyev INNOPROM Markaziy Osiyo xalqaro sanoat koʻrgazmasi doirasida "Rosatom" bosh direktori Aleksey Lixachev bilan uchrashgan. Unda tinch atom sohasidagi hamkorlik faol rivojlanayotgani qayd etilgan.
“Agar emas, balki qachonki Oʻzbekiston rahbariyati katta AES mavzusiga qaytganida, bizda allaqachon takliflar tayyor boʻladi – nafaqat ushbu boʻlajak obʼektlarning koʻrinishi boʻyicha, balki Oʻzbekistonda mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan mahalliylashtirish bilan bogʻliq moliyaviy va tashkiliy masalalar boʻyicha ham, katta hajmdagi ishlar boʻyicha ham”, degan Lixachev.