Oʻzbekiston tarixiy natijani qayd etdi
Ushbu reytingda ilk bor ishtirok etgan universitetlar soni boʻyicha jahonning 9 ta mamlakati qatoridan joy olgan.

QS World University Rankings 2026 natijalariga koʻra, bu yil dunyoning eng nufuzli 1500 ta oliy taʼlim muassasasi orasida Oʻzbekistonning 7 ta universiteti qayd etildi. Natija oʻtgan yilgiga nisbatan 5 ta universitetga yaxshilandi.
Qayd etilishicha, Oʻzbekiston ushbu reytingda ilk bor ishtirok etgan universitetlar soni boʻyicha jahonning 9 ta mamlakati qatoridan joy olgan.
QS World University Rankings 2026 natijalari quyidagicha:
- "TIQXMMI" milliy tadqiqot universiteti – 469-oʻrin (oʻtgan yili 547-oʻrin),
- Oʻzbekiston milliy universiteti – 721–730 (oʻtgan yili 781–790),
- Toshkent davlat texnika universiteti – 901–950,
- Samarqand davlat universiteti,
- Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti,
- Toshkent davlat transport universiteti,
- Toshkent axborot texnologiyalari universiteti — barchasi QS roʻyxatida ilk marta qayd etildi.
Taʼkidlash kerakki, ushbu natijalar oʻz-oʻzidan kelgani yoʻq. “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasini kamida 50 foizga yetkazish koʻzda tutilgan.
Strategiyadan, shuningdek, 30 ta oliygohning taʼlim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazish, 50 ta qoʻshma dastur orqali “ikki diplomli” tizimni joriy etish, 10 ta universitetni dunyoning “Top-1000” roʻyxatiga kiritish vazifalari ham oʻrin olgan.
- Yosh tadqiqotchilarga ham alohida eʼtibor qaratilgan:
- 40 yoshgacha boʻlgan olimlar ulushini 60% ga yetkazish,
- Ilmiy xodimlar oyligini oʻrtacha 2 barobar oshirish,
- 5 200 ta tadqiqotchi tayyorlash kvotasi va 20 ta ilmiy tanlov tashkil etish kabi qator choralar bu sohani yoshlar uchun yanada jozibador qiladi.
Bu kabi amaliy chora-tadbirlar natijasida mamlakatimiz universitetlari nafaqat ichki, balki tashqi muhitda ham raqobatbardosh oʻquv maskanlariga aylanib bormoqda.
Dunyo universitetlari reytingiga shunchaki statistika sifatida qaramaslik kerak. QS reytingida universitetlarimiz oʻrnining koʻtarilishi – Oʻzbekistonning xalqaro maydonda bilimli va salohiyatli millat sifatida oʻz oʻrnini mustahkamlayotganini koʻrsatadi.
Lutfullo Tursunov, jurnalist