platina.uz
Jamiyat

Hisorak suv omboridan Qarshiga ichimlik suvi tarmogʻi tortiladi

Qarshi shahrida suv taʼminoti 97 foiz boʻlsada, suv olib boradigan 110 kilometrli magistral quvurning yarmidan koʻpi eskirgan. 

Hisorak suv omboridan Qarshiga ichimlik suvi tarmogʻi tortiladi
Foto: Platina.uz

Hisorak suv omboridan Qarshi shahriga ichimlik suvi tortiladi. Bu haqda Qashqadaryo viloyatida oʻtayotgan prezident selektorida maʼlum qilindi.

Soʻnggi 8 yilda ajratilgan 1,7 trillion soʻm hisobidan viloyatda markazlashgan suv taʼminoti 32 foizdan 61 foizga chiqdi. Lekin, bu respublikada eng past koʻrsatkich ekani koʻrsatib oʻtildi.

Viloyatda suv va kanalizatsiyani yaxshilashga bu yil 800 milliard soʻm ajratilgan. Mutasaddilarga buning hisobiga 183 kilometr suv va kanalizatsiya tarmogʻi, 8 ta suv inshooti qurilishini yakunlash topshirildi.

Qarshi shahri kanalizatsiya tizimini yaxshilash ishlarini ham shu oyda boshlash shartligi qayd etildi. Bunga xalqaro moliya institutidan 60 million dollar jalb qilingan.

Qarshi shahrida suv taʼminoti 97 foiz boʻlsada, suv olib boradigan 110 kilometrli magistral quvurning yarmidan koʻpi eskirgan, suv yoʻqotish yuqori.

“Shu bois, qanchalik qiyin boʻlmasin, Hisorak suv omboridan Qarshi shahrigacha ichimlik suvi tarmogʻi tortishimiz kerak”,– dedi Prezident.

Mutasaddilarga ushbu loyihani amalga oshirish boʻyicha taklif kiritish topshirildi.

Hozirning oʻzida viloyatdagi 20 ming oilada uy-joyga ehtiyoj bor.

Shu munosabat bilan joriy yilda 7 ming 700 ta xonadon qurilishini yakunlash, aholi zich boʻlgan Shahrisabz va Qarshi shahri, Kitob, Koson, Chiroqchi, Yakkabogʻda yana 5 ming xonadonli uylar qurishni boshlash zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Xonadonlar energiya samarador tizimga oʻtishi uchun Koʻkdala va Nishon tumanlari, Qarshi shahridagi ijtimoiy obʼektlar va xonadonlarga quyosh paneli, geliokollektor oʻrnatishiga koʻmaklashish topshirildi.

Viloyat boshqarmalari va tuman boʻlimlari esa yil yakunigacha binosiga kamida 20 kilovattli quyosh panellari oʻrnatishi belgilandi.

Eslatib oʻtamiz, prezident 19 iyun kuni Hisorak suv omboridagi GES faoliyati bilan tanishgandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid