Eron va AQSh oʻzaro muzokaralar oʻtkazgani maʼlum boʻldi
Eron tomoni AQShga Isroil hujumlarni toʻxtatmaguncha, muzokaralarga qaytmasligini aytgan.

Eron AQSh bilan bevosita muzokaralar olib borgani maʼlum boʻldi.
Ushbu haftadagi muzokaralar mamlakatlar oʻz muloqotlarini boshlaganidan beri (aprel oyi) eng mazmunli va toʻgʻridan-toʻgʻri deb nomlanmoqda.
"Isroil Eronga zarba bera boshlaganidan beri AQSh maxsus vakili Stiv Uitkoff va Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arakchi bir necha bor telefon orqali gaplashgan. Eron tomoni Isroil hujumlarni toʻxtatmaguncha, Tehron muzokaralarga qaytmasligini aytgan", - deya xabar beradi Reuters.
Tomonlar may oyi oxirida AQShning uranni Erondan tashqarida boyitish uchun mintaqaviy konsorsium yaratish taklifini muhokama qilishgan.
Tehron hozircha bu taklifni rad etgan.
Arakchi, shuningdek, Uitkoffga, agar Vashington Isroilga urushni tugatish uchun bosim oʻtkazsa, Tehron "yadroviy masalada yon berishi mumkin", dedi.
Oq uy matbuot kotibi Kerolin Leyvitt muzokaralar haqida shunday dedi:
"AQSh va Eron oʻrtasidagi aloqalarga kelsak, muzokaralar davom etayotganini tasdiqlashim mumkin. Maʼlumki, biz ular bilan bilvosita va toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻl bilan olti marta muzokaralar oʻtkazdik".
Eslatib oʻtamiz, 12 iyun kuni Isroil Eronga qarshi hujum boshladi. Rasmiy Tehron esa buni javobsiz qoldirmadi.
Xususan, eronliklar 19 iyun kuni Isroilga qarshi yangi raketa qoʻlladi.