platina.uz
Siyosat

Prezident Qashqadaryo viloyatida boʻlib turibdi

Shavkat Mirziyoyev dastlab Qarshidagi qiymati 10 mln dollarlik korxonaga bordi, soʻngra Shahrisabz yoʻlida poyezdda qashqadaryolik faollar bilan muloqotda boʻldi.

Prezident Qashqadaryo viloyatida boʻlib turibdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 iyun kuni Qashqadaryo viloyatiga tashrif bilan keldi.

Joriy yilning besh oyida Oʻzbekistonda sanoat 6,4 foiz oʻsgan, bu sohada eksport 6 milliard dollardan oshgan.

Bunda Qashqadaryo sanoatining hissasi katta. Qarshi shahridagi “Alp texno servis” shunday eksportchi korxonalardan biri. Qiymati 10 million dollar boʻlgan mazkur loyiha elektr texnikasi yoʻnalishida global yetkazib berish zanjirida oʻrin topgan. Korxona xorijiy “TSL”, “HOFFMANN” brendlari uchun buyurtmalar tayyorlab bermoqda. Shuningdek, mahalliy SMART brendiga asos solingan. Shu nomlar ostida yiliga 500 ming donagacha televizor va elektron platalar ishlab chiqarilmoqda.

Mahsulotlar yuqori texnologik, sifati va dizayni bozor talabiga mos. Shu bois 70 foiz tovarlar eksportga yoʻnaltirilmoqda. Oʻtgan yili 2 million dollardan ziyod eksport qilingan. Bu yilgi reja 10 million dollar.

Davlatimiz rahbari bu tarmoqni yanada rivojlantirish zarurligini taʼkidladi.

- Bu sohada tajriba orttirdik, tashqi bozorga yoʻl topdik. Endi bu korxonani kengaytirish kerak. Odamzot bor ekan, bunday mahsulotlarga talab boʻladi. Faqat sifat va nomenklatura boʻyicha oʻsish, raqobatbardosh boʻlish zarur, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yana bir muhim vazifa - mahalliylashtirish. Hozir korxonada bu koʻrsatkich 50 foizdan oshgan. Kelgusida 20 million dollarlik yana 4 ta loyihani amalga oshirib, changyutgich, elektr choynak, havo sovutgich, ventilyator ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Bularning natijasida yiliga 30 million dollarlik eksport imkoniyati yaratiladi.

Korxonada 200 kishi ish bilan taʼminlangan. Qarshi davlat texnika universiteti bilan dual taʼlim yoʻlga qoʻyilgan.

Davlatimiz rahbari Qarshi shahridan Shahrisabzga ketayotib, poyezdda qashqadaryolik faollar bilan muloqotda boʻldi.

Suhbatda shaharu qishloqlardagi oʻzgarishlar, aholi hayoti, bugungi tinchlik qadri haqida soʻz bordi.

Hududlar imkoniyatini toʻliq ishga solish, kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan dasturlar natijasida yurtimizning oʻzida munosib mehnat sharoitlari yaratilmoqda. Yoshlar va xotin-qizlar daromadli kasblarga oʻqitilyapti.

Iqtisodiyotdagi tarkibiy oʻzgarishlar samarasida sanoat jadal rivojlanmoqda, ilgʻor texnologiyali korxonalarda qoʻshilgan qiymat yaratilmoqda. Qishloq xoʻjaligi, turizm, transport, energetika sohalarida ulkan loyihalar ishga tushirilmoqda.

Prezident iqtisodiyot rivoji, aholi kayfiyatida yoʻllarning ahamiyati yuqori ekanini taʼkidlab, bu borada mutasaddilarga topshiriqlar berdi. Oxirgi 2 yilda yurtimizda 40 ming kilometr yoʻl va 540 ta koʻprik taʼmirlangan. Bu yil Qashqadaryoda jami 100 kilometr magistral yoʻllar taʼmirlanishi rejalashtirilgan. Bu loyihalarni tezlashtirish, yoʻl boʻylarini obodonlashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid