Eron-Isroil toʻqnashuvi: forslar "Sajil" raketasini ishga soldi, Tramp vaziyatga aralashmoqchi
Eron birinchi marta janglarda “Sajil” oʻta ogʻir ballistik raketadan foydalangan. Ushbu ikki bosqichli raketalarning uchish masofasi 2000 kmni tashkil qiladi.

Eron Isroilga yangi raketa bilan zarba berganini maʼlum qildi. Shuningdek, Tramp AQShning mojaroga aralashishini tasdiqlagan, ammo uni qanday amalga oshirish hali kelishilmagan.
Soʻnggi xabarlarga koʻra, Tehron hududidan Isroil tomon ballistik raketa uchirildi. Raketa parvozining dastlabki soniyalari aks etgan kadrlar mahalliy Telegram kanallari tomonidan eʼlon qilinmoqda.
Raketa gʻayrioddiy, egri zigzag traektoriyasi boʻylab uchgan. U Iroq hududida urib tushirilgan.
Tasnim agentligi Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusiga tayanib xabar berishicha, Eron birinchi marta janglarda “Sajil” ikki bosqichli oʻta ogʻir ballistik raketadan foydalangan. Ushbu ikki bosqichli raketalarning uchish masofasi 2000 km.
Qayd etilishicha, Eron Isroil hududiga uchta xuddi shunday raketa uchirdi.
Korpus bayonotida Eron Qurolli Kuchlari oldingi bir necha amaliyotlar davomida Isroil armiyasining mudofaa tizimini yoʻq qilgani va endi Isroil osmoni Eron raketalari va uchuvchisiz uchoqlari nazoratida ekani qilinadi.
“Raketa hujumlari, Mossad va Aman shtab-kvartiralari, shuningdek, armiya jangchilari bazalariga hujum qilinganidek, maqsadli va uzluksiz boʻladi”, — deyiladi bayonotda.
Harbiylar isroilliklarni raketa hujumlari davom etishi haqida ogohlantirgan.
"Ishonchingiz komil boʻlsinki, qizil sirenalar bir daqiqa ham toʻxtamaydi. Yoki siz boshpanalardagi doʻzax hayotida "sekin oʻlim"ni tanlashingiz yoki oʻz hayotingizni tunu kun raketa otishmasidan saqlab qolishingiz va tirik qolish uchun ota-bobolaringiz bosib olgan yerlardan imkon qadar tezroq qochishingiz kerak boʻladi", - deyiladi korpus bayonotida.
"Sajil" - 2008-2009 yillarda Eronda ishlab chiqilgan oʻrta masofali ballistik raketalar oilasi. Uning jangovar kallagi yechib olinadi.
Isroil Eronning soʻnggi hujumi faqat bitta ballistik raketadan iborat boʻlganini aytdi va u havo hujumidan mudofaa vositalari tomonidan muvaffaqiyatli tutib olindi, deb yozadi The Times of Israel.
Isroil armiyasi matbuot kotibi brigada generali Effi Defrinning aytishicha, Isroil havo kuchlari Eron gʻarbida yangi havo hujumlarini uyushtirmoqda. Uning soʻzlariga koʻra, Isroil harbiy-havo kuchlari Tehron yaqinidagi Eronning “Hizbulloh”ni yetkazib berishda foydalanayotgan tankga qarshi raketa ishlab chiqarish zavodini bombardimon qilgan. Isroil havo kuchlari Tehrondagi politsiya qarorgohi yaqinida ham zarba berdi.
Vaziyatga aloqador eʼtiborga molik voqealardan biri Tramp Isroil-Eron urushiga aralashishga qaror qilgani bilan bogʻliq. AQSh matbuotiga koʻra, bu tasdiqlangan, ammo hujum boʻyicha qadamlarga kelishib olinmagan.
Soʻnggi xabarlarga koʻra, Isroil hujumi sabab 700 nafarga yaqin eronlik halok boʻlgan.
Eslatib oʻtamiz, 18 iyun kuni Oʻzbekiston TIVda Eron va Isroil elchilari bilan uchrashuv oʻtkazilgan.