Yilning birinchi choragida Oʻzbekistonda real samarali almashuv kursi pasaydi
Soʻmning dollarga nisbatan almashuv kursi oʻzgarishi taʼsiri -6,3 band boʻlgan boʻlsa, inflyatsiyaning taʼsiri +0,1 bandni tashkil etdi.

NEER va REER indekslari: tashqi savdoga qanday taʼsir koʻrsatadi?
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari tomonidan 2025 yilning yanvar-aprel oylari uchun nominal (NEER) va real samarali almashuv kursi (REER) indekslari hisoblab chiqildi.
Izoh: NEER va REER indekslarini hisoblashda savdo hamkorlarimiz sifatida Oʻzbekistonning umumiy tashqi savdo aylanmasida 83 foiz (2024) hissaga ega boʻlgan 20 ta mamlakat, bazaviy davr sifatida 2019 yilning yanvar oyi tanlab olindi.
2025 yilning dastlabki 4 oyida Oʻzbekistonda real samarali almashuv kursi indeksi pasaydi. Xususan, 2025 yilning aprel oyiga kelib, REER indeksi 2024-yilning dekabr oyidagiga nisbatan 6,2 bandga (111,4 dan 105,2 ga) pasaydi. Bunda, soʻmning AQSh dollariga nisbatan almashuv kursi oʻzgarishi taʼsiri -6,3 band boʻlgan boʻlsa, inflyatsiyaning taʼsiri +0,1 bandni tashkil etdi.
Shuningdek, mazkur davrda NEER indeksi 5,4 bandga pasaydi va 94,1 dan 88,7 gacha tushdi.
Izoh: Iqtisodiyotda real samarali almashuv kursining pasayishi, boshqa omillar oʻzgarmas, deb qaralganda, eksport narxlarining arzonlashishi va import narxlarining qimmatlashishiga olib kelishi mumkin.
2025 yilning yanvar-aprel oylarida REER indeksining pasayishiga taʼsir etuvchi muhim omillar sifatida soʻmning AQSh dollariga nisbatan qadrsizlanganligi, Rossiya rubli va Qozogʻiston tengesi qadri oshganligi hamda Xitoy yuani qadrsizlanishi soʻmning qadrsizlanishidan past boʻlganligini keltirish mumkin.
Maʼlumot uchun: 2025 yilning aprel oyida soʻmning AQSh dollariga nisbatan nominal kursi 2024-yil dekabridagiga nisbatan 0,5 foizga qadrsizlangan boʻlsa, Rossiya rubli 20 foizga, Qozogʻiston tengesi 1,1 foizga qimmatlashdi. Xitoy yuani esa ushbu davrda 0,1 foizga qadrsizlandi. Nominal kurs omilining REER indeksiga taʼsiri -6,3 bandni tashkil etdi.
Shuningdek, 2024-yilda Oʻzbekistondagi narxlar darajasi dinamikasi va asosiy savdo hamkorlarimizdagi makroiqtisodiy tendensiyalar orasida farqlarning yuzaga kelishi REER indeksining biroz yaxshilanishiga taʼsir oʻtkazdi.
Maʼlumot uchun: 2025-yilning aprel oyida Oʻzbekistonda oylik inflyatsiya darajasi 0,7 foizni tashkil etgan boʻlsa, ushbu koʻrsatkich Rossiyada 0,4 foizga, Qozogʻistonda 1,2 foizga va Xitoyda 0,1 foizga teng boʻldi. Inflyatsiya omilining REER indeksiga taʼsiri +0,1 bandni tashkil etdi.