Toshkentdagi dorixonada 3,5 mlrd soʻmlik talabga javob bermaydigan dori vositalari aniqlandi
Ushbu dori vositalari davlat reyestrida qayd etilmagan, muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirilmagan.

Sifat sertifikatiga ega boʻlmagan dori vositalarini noqonuniy savdoga chiqarilishining oldi olindi.
1949 y.t. fuqaro va uning 1979 y.t. oʻgʻlini Olmazor tumanidagi yashash manzili koʻzdan kechirilgan. Ularning xonadon yertoʻlasida umumiy qiymati 1 mlrd soʻmdan ortiqni tashkil etuvchi “Trenaksa”, “Sumamigren”, “Femileks” kabi jami 72 nomdagi 3615 quti dori vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, ota-bolalar mamlakatimizga noqonuniy olib kelingan bunday dori vositalarini muntazam ravishda vodiy viloyatlaridan arzon narxda xarid qilib, poytaxtdagi mijozlarga sotish bilan shugʻullanishgan.
“Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasining xulosasiga koʻra, ushbu dori vositalari davlat reyestrida qayd etilmagan, muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirilmagan hamda ularni maxsus sharoitlarda saqlashning belgilangan qoidalariga amal qilinmagan. Shu sababli mazkur dori vositalarini yurtimizda saqlash, sotish, tashish va tibbiyotda qoʻllash taqiqlanadi.
Hozirda qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25 orqali 186 prim 3-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mazkur yoʻnalishda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Toshkent shahridagi dorixonalardan birida sotish uchun saqlab kelinayotgan, shubha uygʻotuvchi 456 turdagi 57407 dona dori vositalari, 18 turdagi 835 dona dori vositalarining yasama boʻsh qutilari hamda 1 dona dori tayyorlash moslamasi mavjudligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olindi.
Mutaxassislarning xulosasiga koʻra, dori vositalarning umumiy qiymati 3,5 mlrd soʻmni tashkil qiladi.
Shuningdek, ushbu dori vositalarining 160 turdagisi davlat reyestrida qayd etilmaganligi, 274 turdagisiga muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirilmaganligi, 50 turdagisi sifatsiz, yaroqlilik muddati oʻtgan hamda 7 turdagisi esa qalbakilashtirilganligi maʼlum boʻldi.
Holat yuzasidan dorixona mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 186 prim 3-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.