Prezident "Toshkent-Sharqiy" aeroporti qurilishini koʻzdan kechirdi
Yangi aeroport qulay joylashuvi tufayli poytaxt va Yangi Toshkent shahri uchun muhim transport xabiga aylanadi, Toshkent viloyatida turizmni rivojlantirish uchun qoʻshimcha ragʻbat boʻlib xizmat qiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 18 iyun kuni "Toshkent-Sharqiy" aeroporti qurilishini koʻzdan kechirdi.
Mamlakatning barqaror rivojlanishi va uning xalqaro jozibadorligi oshishi bilan tashqi iqtisodiy aloqalar faollashib, investitsiyalar oqimi koʻpaymoqda. Bunday sharoitda Oʻzbekistonda transport infratuzilmasining barcha yoʻnalishlarini modernizatsiya qilishga oʻsishning asosiy omili sifatida ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Ana shunday strategik loyihalardan biri "Toshkent-Sharqiy" aeroportini rekonstruksiya qilishdir. U yuqori xalqaro standartlarga javob beradigan tez, xavfsiz va qulay qatnovlarni taʼminlash, shuningdek, poytaxtning asosiy xalqaro aeroportiga yuklamani yengillashtirishga moʻljallangan.
Avvalo, 4 kilometr uzunlikdagi uchish-qoʻnish yoʻlagi yangilanib, eng ogʻir samolyotlarni ham qabul qilish quvvatiga ega boʻldi.
Hozirgi kunda yuqori martabali mehmonlar hamda biznes-aviatsiya uchun 2 ta terminal, perron va angarlar barpo etilmoqda. Aeroport noqulay ob-havo sharoitlarida ham uchish-qoʻnishni taʼminlovchi ICAO III-A toifasidagi ilgʻor radiotexnika va meteorologiya uskunalari bilan jihozlanadi. Yopiq angarlarda samolyotlar soz va xavfsiz saqlanishi uchun zamonaviy sharoitlar taʼminlanadi.
Yangi aeroport qulay joylashuvi tufayli poytaxt va Yangi Toshkent shahri uchun muhim transport xabiga aylanadi, shuningdek, Toshkent viloyatida turizmni rivojlantirish uchun qoʻshimcha ragʻbat boʻlib xizmat qiladi. Eng muhimi, xalqaro tashriflar va ishbilarmonlik safarlarini amalga oshirish imkoniyatlari kengayadi, xorijiy investorlarni qabul qilish uchun sharoitlar yaxshilanadi. Natijada iqtisodiy faollik oshadi, xizmat koʻrsatish sohasi rivojlanadi, yangi ish oʻrinlari yaratiladi, mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligi sezilarli darajada oshadi.

Davlatimiz rahbari loyihaning texnik xususiyatlari, terminallarning arxitekturaviy yechimi bilan tanishib, qurilish ishlarini jadallashtirish, servis darajasini oshirish boʻyicha aniq topshiriqlar berdi.