platina.uz
Jamiyat

Navoiyda maktab direktori oʻrinbosari va MChJ rahbari qilmishlari oshkor boʻldi

Maktabni taʼmirlash asnosida yirik miqdordagi byudjet pullari oʻzlashtirib yuborilgan. 

Navoiyda maktab direktori oʻrinbosari va MChJ rahbari qilmishlari oshkor boʻldi

2025 yilning 27 may kuni, jinoyat ishlari boʻyicha Nurota tuman sudining ochiq sayyor sud majlisi boʻlib oʻtdi. Unda maktab direktori oʻrinbosari va uning tadbirkor sherigiga nisbatan ish koʻrib chiqildi. Sud ishi nusxasi Platina.uz ixtiyorida mavjud.

Maʼlum boʻlishicha, sudlanuvchi Sh. S. Nurota tumani 2-son kasb- hunar maktabida xoʻjalik ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari vazifasida ishlab kelgan. U "You Tower” MChJ direktori J.E. bilan bir guruh boʻlib, oldindan til biriktirgan.

Ular tegishli hujjatlarni soxtalashtirib, maktabda amalga oshirilishi kerak boʻlgan qurilish hisobidan 475.920.000 soʻm miqdoridagi pul mablagʻlarini J.E. rahbarligidagi “You Tower” MChJ hisob-raqamiga oʻtkazilishiga erishib, byudjetning juda koʻp miqdordagi 475.920.000 soʻm mablagʻlarini oʻzlashtirish va rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilishgan.

MChJ rahbari maktab sport zali binosini taʼmirlash ishlarini olib borish asnosida noaniqlikka yoʻl qoʻyilganidan sudga shikoyat qilgan. Natijada Navbahor tumanlararo iqtisodiy sudining 06.02.2024 yildagi hal qiluv qaroriga asosan javobgar Nurota tuman 2-son kasb-hunar maktabidan daʼvogar “You Tower” MChJ foydasiga 1 mlrd. 246 mln. 260 ming soʻm byudjet hisobidan oʻtkazib berilgan. Aslida esa uning maktabga yetkazib bergan qurilish materiallari hisobini hech kim nazoratga olmagan.

Sudda har ikkala aybdor ham oʻz aybiga iqror boʻldi.

Yakuniy hukmga koʻra, J.E.ga oʻtash uchun har oylik ish haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil 1 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. Axloq tuzatish ishlari jazosini ish joyida, yaʼni “You Tower” MChJda oʻtashi belgilandi.

S.Sh.ga esa uzil-kesil oʻtash uchun 1 yil muddatga Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimidagi muassasalarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilib, har oylik ish haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil 1 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Axloq tuzatish ishlari jazosini, jazo ijrosini nazorat qiluvchi organlar belgilab beradigan boshqa joylarda oʻtattirish belgilandi. Ish boʻyicha yetkazilgan zarar qoplanishi belgilangan.

Sud ishi Oliy sud portalidan olindi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid