Shavkat Mirziyoyev Ostonada Xitoy rahbari bilan uchrashdi
Yetakchilar huzurida Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi boʻyicha ikki tomonlama muzokaralar yakunlangani toʻgʻrisida bayonnoma imzolangani eʼlon qilindi.

17 iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin muzokara oʻtkazdi.
Ikki tomonlama va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar koʻrib chiqildi.
Davlat rahbarlari keyingi yillarda Oʻzbekiston bilan Xitoy oʻrtasidagi doʻstlik va barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari yuksak darajaga koʻtarilganini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Oʻzbekiston Prezidentining 2024 yil yanvar oyida Xitoyga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar izchil amalga oshirilmoqda.
Barcha darajalarda aloqalar va almashinuvlar sezilarli faollashgani qayd etildi.
Tashqi ishlar vazirlarining strategik muloqoti yoʻlga qoʻyildi. Joriy yil iyun oyi boshida Samarqand shahrida ikkinchi Hududlar forumi muvaffaqiyatli oʻtkazildi.
Savdo-iqtisodiy va moliyaviy-investitsion hamkorlik jadal rivojlanmoqda. 2024 yilda tovar ayirboshlash 14 milliard dollarga yetdi. Investitsiya loyihalari portfeli 60 milliard dollardan ziyodni tashkil etmoqda.
Mamlakatimiz hududlarida qoʻshma texnoparklar va maxsus industrial zonalar muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda, "BYD" elektromobillarini ishlab chiqarish kengaymoqda.
"Yashil" energetika, neft-gaz, kimyo, farmatsevtika, metallurgiya, togʻ-kon, toʻqimachilik, oziq-ovqat va qurilish tarmoqlarida hamda logistika, “aqlli” qishloq xoʻjaligi, sunʼiy intellekt va raqamlashtirish sohalarida istiqbolli loyihalar ishlab chiqilmoqda.
Xitoyning yetakchi moliya institutlari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. "Ipak yoʻli" jamgʻarmasi bilan investitsiya platformasini kengaytirish rejalashtirilgan. Xitoy Eksimbanki ishtirokida poytaxtimizda Olimpiya shaharchasi qurilishi yakunlanmoqda. Toshkent shahrida ushbu bankning mintaqaviy filiali ochildi.
Kambagʻallikka qarshi kurashish sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Yetakchilar "Xitoy - Qirgʻiziston - Oʻzbekiston" strategik temir yoʻli qurilishini jadallashtirish muhimligini ham qayd etdilar.
Taʼlim, fan, turizm va madaniyat, kadrlar tayyorlash va xitoy tilini oʻrganish sohalaridagi almashinuvlarni rivojlantirishdan manfaatdorlik bildirildi.
Oʻzbekistonda Xitoyning Shimoli-gʻarbiy qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi universitetining filiali faoliyat koʻrsatmoqda, Urganch universiteti negizida Pekin universiteti bilan hamkorlikda Xalqaro matematika markazi tashkil etilgan.
Oʻtgan yili Konfutsiy instituti faoliyatining 20 yilligi nishonlandi, Xitoyning "Lu Ban ustaxonasi" professional taʼlim tizimi joriy etilmoqda.
Kelgusi yilda ikki mamlakatda madaniyat va sanʼat haftaliklarini oʻtkazish rejalashtirilgan.
Uchrashuvda xalqaro kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi. BMT, ShHT, "Markaziy Osiyo - Xitoy" formati va boshqa koʻp tomonlama tuzilmalar doirasidagi muvofiqlashuv va oʻzaro qoʻllab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
Yakunda yetakchilar huzurida Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi boʻyicha ikki tomonlama muzokaralar yakunlangani toʻgʻrisida bayonnoma imzolangani eʼlon qilindi.