Oʻzbekiston TIV Eron-Isroil mojarosi fonida murojaat yoʻlladi
Fuqarolar voqealarga nisbatan diniy, irqiy yoki boshqa shaxsiy mansubliklar asosida munosabat bildirmaslik, har qanday nafrat va ziddiyat targʻibiga qarshi turishga chaqirildi.

Oʻzbekiston TIV Isroil va Eron oʻrtasidagi qurolli toʻqnashuvlar yuzasidan Oʻzbekiston fuqarolariga murojaat bilan chiqdi.
Soʻnggi kunlarda Yaqin Sharq mintaqasida, xususan, Isroil va Eron oʻrtasidagi keskinlik yanada kuchayib, qurolli toʻqnashuvlarga aylandi. Bu esa nafaqat mintaqada, balki butun dunyo hamjamiyatida jiddiy xavotir uygʻotmoqda.
"Mojaroning avj olishi butun mintaqa barqarorligi va tinchligiga tahdid solayotgani shubhasiz. Bu jarayonlar, avvalo, oddiy fuqarolar – tinch aholi, ayniqsa bolalar va ayollar uchun ogʻir oqibatlarga olib kelmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi urushni muammolarni hal etish vositasi deb emas, balki inson hayoti, barqarorlik va taraqqiyotga jiddiy xavf soluvchi holat sifatida baholaydi. Urushda gʻolib boʻlmaydi. Eng katta yoʻqotishni doim oddiy insonlar tortgan va bugun ham shunday boʻlmoqda", deyiladi murojaatda.
Oʻzbekiston har doim tinchlikparvar siyosat yuritib kelgan va shunday davom etadi. Mamlakatimiz barcha davlatlar bilan doʻstona va oʻzaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini rivojlantirib kelmoqda, deya taʼkidlanadi xabarda.
Shu munosabat bilan, TIV Oʻzbekiston fuqarolarini tinchlikparvarlik, bagʻrikenglik va masʼuliyatli fuqarolik pozitsiyasini saqlashga chaqirgan.
Mojarolarga nisbatan diniy, irqiy yoki boshqa shaxsiy mansubliklar asosida munosabat bildirmaslik, har qanday nafrat va ziddiyat targʻibiga qarshi turish taʼkidlangan.
" Shuningdek, fuqarolarimizni turli provokatsiya va haqoratomuz chaqiriqlarga uchmaslikka, holatlarga nisbatan hissiyot emas, balki vazmin munosabatni saqlab qolishga daʼvat etamiz. Jamiyatimizda milliy va diniy totuvlikni saqlash – umumiy barqarorlik va xavfsizlikning muhim kafolati ekanligini eslatamiz.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi barcha mojarolar xalqaro huquq normalari va diplomatik muloqot asosida tinch yoʻl bilan hal etilishi tarafdori ekanini yana bir bor taʼkidlaydi. Tinchlik va oʻzaro hurmat asosidagi munosabatlar har doim yurtimiz tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishi boʻlib qoladi", deyiladi vazirlik murojaatida.