Oʻzbekiston boʻyicha ayrim dorixonalar 2,6 mlrd soʻmdan oshiq asossiz daromad koʻrgani aniqlandi
2025 yilning oʻtgan davri davomida 225 ta dorixonada oʻrganish ishlari oʻtkazildi.

Respublika boʻyicha 200 dan ortiq dorixonalar 2,6 mlrd. soʻmdan ortiq asossiz daromad olganligi aniqlanib, ularni qaytarish boʻyicha choralar koʻrildi.
Raqobat qoʻmitasi tomonidan “Fair tech” yagona axborot tizimi orqali dorixonalarda dori vositalarini sotishda belgilangan savdo ustamalariga rioya etilmaganligi holatlari oʻrganib borilmoqda.
Yagona axborot tizimi orqali kelib tushgan xabarlar boʻyicha 2025 yilning oʻtgan davri davomida olib borilgan oʻrganishlarda 225 ta dorixonada 62 704 ta holatda dori vositalarning savdosi boʻyicha 2,6 mlrd. soʻm asossiz daromad olinganligi aniqlandi hamda belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatilib, mablagʻlarni qaytarish boʻyicha tegishli choralar koʻrildi.
Jumladan, ulgurji savdoda:
1744 ta holatda -“EVRO FARM BIZNES” MChJ XK;
1695 ta holatda - “TAR PHARM ALLIANCE” MChJ;
5191 ta holatda - “GARMONIYA FARM” MChJ.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, narxlarni asossiz oshirish alomatlari boʻyicha “GARMONIYA FARM”, “EVRO FARM BIZNES” hamda “TAR PHARM ALLIANCE” MChJlarga nisbatan Qoʻmitaning Maxsus komissiyasi tomonidan ish qoʻzgʻatildi.
Raqobat qoʻmitasi dorixonalarda retsept bilan beriladigan dori vositalari belgilangan narxlariga rioya etilmay sotilgan taqdirda chora koʻrilishi haqida ogohlantiradi.
Maʼlumot uchun: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 26 oktabrdagi PQ-411-son qaroriga asosan, Soliq qoʻmitasi va Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi elektron tizimlari integratsiyasi natijasida Raqobat qoʻmitasiga dori vositalari narxlari oshirilgani haqida xabarlar avtomatik ravishda onlayn kelib tushishi yoʻlga qoʻyilgan.