Navoiyda uy sotish bahonasida 411 kishini chuv tushirganlar aniqlandi
Boshqa holatda esa mehmonxona uchun ruxsat olingan, lekin qurilishi toʻxtatilgan bino odamlarga pullangan.

DXX Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va IIB xodimlari tomonidan tezkor tadbirlar oʻtkazildi. Ushbu tadbirlarda uy qurib sotish bahonasida odamlarning pullarini qoʻlga kiritgan shaxslar qoʻlga olindi.
Jumladan, Navoiy shahridagi MChJ mansabdorlari 2017-2024 yillarda qurilishi bitmagan 140 dan oshiq uylarni 411 kishiga pullashgan. Huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar oʻtkazgan tadbirda ularning faoliyatiga chek qoʻyildi.
Yana bir holat Navoiy shahrining "Istiqlol" mahallasida aniqlandi. Aslida mehmonxona uchun ruxsat olingan, ammo shaharsozlik normalariga toʻgʻri kelmagani sabab qurilishi toʻxtatilgan bino aholiga pullangan.
Zarafshon shahridagi holatda esa quruvchilar aholidan uy uchun moʻmay pullarni undirib olishgan. Aslida esa shahar hokimining qurilish uchun yer ajratish boʻyicha qarori soxtalashtirilgan. Ular navbatdagi fuqaroga soxta oldi-sotdi shartnomasi bilan uy sotayotganda qoʻlga olindi.