Har qanday nizo muzokaralar stolida hal etilishi shart – Shavkat Mirziyoyev
Prezident Qozogʻistonda oʻtayotgan “Markaziy Osiyo – Xitoy” ikkinchi sammitida nutq soʻzladi.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozogʻiston poytaxtida boʻlib oʻtgan “Markaziy Osiyo – Xitoy” ikkinchi sammitida nutq soʻzlab, xalqaro nizolarga toʻxtaldi.
"Nizoli xalqaro masalalar va ziddiyatli muammolarni hal qilish uchun kuch ishlatish vositalaridan foydalanish oʻzini oqlamaydi va bunga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi, deb hisoblaymiz. Muhtaram Si Szinpin janoblari, Sizning davom etayotgan mojarolar va urushlarda hech qanday gʻoliblar boʻlmaydi, degan soʻzlaringizga toʻliq qoʻshilaman", dedi Mirziyoyev.
Uning taʼkidlashicha, barcha nizo va ziddiyatlar suverenitetni hurmat qilish, xalqaro huquq meʼyorlari va Birlashgan Millatlar Tashkiloti nizomi asosida faqat diplomatik saʼy-harakatlar yoʻli bilan – muzokaralar stolida hal etilishi shart.
"Taʼkidlash kerakki, oldindan aytib boʻlmaydigan bunday sharoitda xalqaro munosabatlarning hozirgidan koʻra barqaror tizimlarini taʼminlash uchun mamlakatlarni birlashtirishga qodir boʻlgan mintaqaviy mexanizmlarning ahamiyati va roli oshmoqda", dedi Oʻzbekiston yetakchisi.
Sammitda mamlakatlar oʻrtasida Abadiy yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnoma qabul qilingan. Ushbu hujjat mintaqaviy barqarorlikni taʼminlashga umumiy hissa qoʻshadi.
Shunigdek, shartnomani amaliy jihatdan mustahkamlashda aniq mexanizm va loyihalarni qamrab olgan Uzoq muddatli sheriklik konsepsiyasi ham qabul qilingan.