G7 sammiti: Tramp kutilmaganda ortga qaytdi, Britaniya Rossiyaga qarshi cheklovlarni kuchaytiradi
Tramp sammitni tark etgani Isroil va Eron toʻqnashuvlari bilan bogʻliq.

16 iyun, dushanba kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Kanadaning Kananaskis shahrida boʻlib oʻtadigan G7 sammitidagi ishtirokini zudlik bilan toʻxtatishga qaror qildi.
Bu qarorga Yaqin Sharqdagi vaziyat sabab boʻldi, deb xabar qildi Oq uy matbuot xizmati.
Trampning matbuot kotibi Karolin Leyvitt X ijtimoiy tarmogʻida Amerika yetakchisi sammitda Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer bilan yirik savdo bitimini imzolagan holda “kunni ajoyib oʻtkazganini” yozdi.
“Koʻp ishlar amalga oshirildi, biroq Yaqin Sharqda sodir boʻlayotgan voqealar tufayli prezident Tramp bugun kechqurun davlat rahbarlari bilan kechki ovqatdan keyin joʻnab ketadi”, — dedi Leyvitt.
CBC News telekanalining xabar berishicha, AQSh Davlat kotibi Marko Rubio Oq uy rahbari bilan birga Kanadadan Vashingtonga uchgan.
CNN xabariga koʻra, Tramp oʻz maʼmuriyatining milliy xavfsizlik uchun masʼul xodimlariga Vashingtondagi Oq uydagi vaziyat xonasiga yigʻilishni buyurgan. Bu AQSh prezidenti, uning maslahatchilari, harbiy va razvedka xizmatlari vakillari tomonidan inqirozli vaziyatlarda shoshilinch yigʻilishlar oʻtkazish uchun foydalaniladigan xonalar majmuasidir.
Xonaga oʻrnatilgan aloqa uskunalari davlat rahbariga butun dunyo boʻylab Amerika qoʻshinlariga qoʻmondonlik qilish imkonini beradi.
Leyvittning xabaridan taxminan bir soat oldin Amerika yetakchisi oʻzining Truth Social ijtimoiy tarmogʻida post eʼlon qildi va unda “Eron yadro quroliga ega boʻlmasligi kerak” deb yana bir bor taʼkidladi. “Hamma Tehronni zudlik bilan evakuatsiya qilishi kerak”, deb yozgan AQSh prezidenti.
Starmerdan tashqari, AQSh prezidenti Kananaskis sammiti doirasida Germaniya kansleri Fridrix Mers bilan ham 20 daqiqalik suhbat oʻtkazdi. Ikki yetakchi Isroil va Eron oʻrtasida toʻrtinchi kundan beri davom etayotgan davom etayotgan jangovar harakatlarni muhokama qilib, keskinlashuvni toʻxtatish yoʻllarini izlash zarurligi va Eron yadroviy dasturini toʻxtatish zarurligi haqida kelishib oldi.
17 iyun, seshanba kuni Tramp G7 sammitida Meksika va Ukraina prezidentlari Klaudiya Sheynbaum va Vladimir Zelenskiy bilan ham uchrashuvlar oʻtkazishi lozim edi. Biroq, bu uchrashuvlar endi boʻlib oʻtmaydi.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Oq uy rahbarining Isroil va Eron oʻrtasida oʻt ochishni toʻxtatishga vaʼda bergani kontekstida Trampning favqulodda vaziyatda Vashingtonga joʻnab ketishi “ijobiy yangilik” degan fikrni bildirdi.
G7 sammitida boʻlib turgan Britaniya bosh vaziri Kir Starmer Rossiyaga qarshi cheklovni kuchaytirishini maʼlum qildi. Uning aytishicha, bu Rossiyani oʻt ochishni toʻxtatishga undashi mumkin.