Tumanlarda boshqaruv tizimi oʻzgartiriladi
Kompleks rivojlantirishga masʼul 9 ta vazirlikning tuman boʻlimi hokimlik tizimiga oʻtadi. Bular – iqtisodiyot va moliya, investitsiya, qishloq xoʻjaligi va boshqalardir.

Endilikda tumanda ish ham, yondashuv ham, boshqaruv tizimi ham oʻzgarishi belgilandi.
Bu tizim yil yakunigacha Surxondaryoda toʻliq, qolgan hududlarda jadal rivojlantirish belgilangan 15 ta tuman va shahar - Qoʻngʻirot, Chimboy, Asaka, Gʻijduvon, Gʻallaorol, Yakkabogʻ, Xatirchi, Chortoq, Bulungʻur, Sirdaryo, Quva, Shovot, Hazorasp tumanlari, Margʻilon va Yangiyoʻl shaharlarida, Toshkent shahrida esa Bektemir tumanida joriy qilinadi.
Prezident Administratsiyasi va Hukumat vakillari hamda viloyat hokimlari bunga masʼul boʻladi.
Prezidentimiz yangi tizimni Sirdaryo tumani misolida tushuntirib berdi.
Jumladan, kompleks rivojlantirishga masʼul 9 ta vazirlikning tuman boʻlimi hokimlik tizimiga oʻtadi. Bular – iqtisodiyot va moliya, investitsiya, qishloq xoʻjaligi, bandlik, qurilish, ekologiya, madaniyat, oila va xotin-qizlar, yoshlar boʻlimlari.
Tuman hokimi hokimlik va ushbu 9 ta idoradagi shtatlarni oʻzi taqsimlab, qaysi boʻlimda nechta odam ishlashini, ishga olish-boʻshatishni oʻzi hal qiladi.
Sirdaryo tumani ixtiyorida qoladigan mablagʻlar manbasi koʻpaytiriladi. Masalan, maʼmuriy va moliyaviy jarimalar, soliq tekshiruvlari boʻyicha penya, toifasi oʻzgargan qishloq yerlari uchun nobudgarchilik kompensatsiyasi, oʻrmon yerlari hududlarini ijara tushumlari, koʻrsatilgan davlat xizmatlaridan tushgan mablagʻlarning bir qismi tumanda qoladi.
Bundan tumanga yiliga qoʻshimcha 12 milliard soʻm tushadi.
Endilikda hokimda 4 nafar oʻrinbosar boʻladi. Rivojlanish rejasiga qarab, qaysi masalada oʻrinbosari boʻlishini hokimning oʻzi belgilaydi.
Misol uchun, Sirdaryo tumani hokimi kelgusi uch yilda turizm, servis va logistikani tumanni asosiy drayveri sifatida koʻrayapti. Shu bois, uning iqtisodiyot boʻyicha 1-oʻrinbosari bir vaqtni oʻzida turizm, servis va logistikaga masʼul boʻladi. Unga 10 ta aniq vazifa yuklatilib, har bir vazifa va funksiyasi mablagʻi bilan mustahkamlanadi.
Xuddi shunday, hokim va qolgan 3 nafar oʻrinbosariga ham aniq vazifalar moliyaviy taʼminoti bilan belgilab beriladi.
Hokim, uning oʻrinbosarlari KPIni toʻliq bajarsa, keyingi yil hududga beriladigan mablagʻ 10-15 foiz koʻpaytiriladi. Aksincha boʻlsa, mablagʻ oshirilmaydi va masʼul rahbar ishdan ketadi.