Prezident goʻsht, sut va tuxum narxi barqaror boʻlishi lozimligini aytdi
Davlat rahbari bu masalada hokimlarni ogohlantirib, ishni eplolmaganlar lavozimdan olinishini aytdi.

Hukumatdagi masʼullar, vazirlar tartib-intizomga vaqtida eʼtibor bermagani uchun islohotlar ijrosi choʻzilib ketayotgani tanqid qilindi.
Masalan, suyultirilgan gaz yetkazishda 60-70 kunlab uzilish kuzatilmoqda. Ayniqsa, Andijon va Surxondaryoda murojaatlarning 70 foizi shu masala bilan bogʻliq.
“Issiq kunlarda gazda shuncha muammo boʻlsa, qishda odamlar qozonini nimada qaynatadi? Rahbarlarga soʻnggi ogohlantirish: bu masalaga ikki haftada yechim topsin, boʻlmasa oʻzi bilib joyini boʻshatib qoʻysin”, - dedi Prezident.
Yana bir masala – yozning boshlanishi nisbatan salqin keldi. Lekin buyogʻiga kunlar ancha isib, elektr isteʼmoli oshadi. Ikki oy oldin Energiya samaradorlik agentligi tashkil qilinib, byudjetdan 100 milliard soʻm berildi.
Energetika vazirligi va agentlikka vazirlik, hokimlik va davlat korxonalarining oylik isteʼmoli 500 kilovatt soatdan yuqori boʻlgan xodimlari roʻyxatini shakllantiradi. Ushbu xodimlarga energiya samarador texnologiyalarga oʻtish uchun “yashil taʼmir” krediti yoki subsidiya olishga koʻmaklashiladi. Kerak boʻlsa, byudjetdan tashqari jamgʻarmasidan ssuda berilishi mumkin.
Buning hisobidan yil yakunigacha isteʼmoli yuqori boʻlgan kamida 100 ming xonadon energiya samarador tizimga oʻtishi zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Goʻsht, sut, parranda goʻshti va tuxum narxi keskin oshmasligi, korxonalar “soya”dan chiqib ishlashi uchun QQSning yarmini keshbek qilib qaytarish tartibi oʻtgan hafta tasdiqlangan edi.
Mutasaddilar keshbekni bir kunga boʻlsa ham kechiktirmaslik zarurligi haqida ogohlantirildi.
“Hokimlarni ham ogohlantiraman, ushbu yangi mexanizm asosida goʻsht, sut, parranda goʻshti va tuxum narxi barqaror boʻlishi shart. Buni eplay olmaganlari ishdan ketadi”, - dedi Prezident.
Sud qarorlari vaqtida ijro boʻlmayotgani yuzasidan murojaatlar juda koʻpligi qayd etildi. Oʻtgan yili MIBga yuborilgan har beshta sud qaroridan bittasi ijro qilinmagani tanqid qilindi.