Avgustdan barcha viloyat va tuman hokimliklarida ish haqi oshiriladi
Xodimlarga ishiga qarab oylik ustama va qoʻshimcha bonus beriladi.

Sirdaryo tumani hokimi 9 ta idora xodimlari, Savdo-sanoat palatasi, bank, soliq, kadastr vakili va yetakchi tadbirkorlardan iborat “Islohotlar shtabi”ni tuzadi.
“Islohotlar shtabi” uch oyda tumanning 38 ta mahallasi kesimida loyiha, infratuzilma, moliyaviy manba, kadrlar masalasini qamrab olgan uch yillik dastur tayyorlaydi. Kelgusi yil uchun byudjet, infratuzilma, ishlab chiqarish, xizmat, investitsiya va bandlik dasturlari shu asosda tasdiqlanadi.
Natijasiga qarab, bu yangi tajriba kelasi yildan butun respublikada yoʻlga qoʻyiladi.
Yana bir muhim yangilik – ishchan va jozibador muhit yaratish uchun 1 avgustdan barcha viloyat va tuman hokimliklarida ish haqi oshiriladi, xodimlarga ishiga qarab oylik ustama va qoʻshimcha bonus beriladi.
“Lekin, qars ikki qoʻldan chiqadi. Oʻziga yuklatilgan vazifani bajara olmagan xodimlarga chora koʻriladi. Ana shunda hamma intizom va reja bilan ishlashga oʻrganadi. Viloyat, tuman hokimlari, ularning oʻrinbosarlari, vazirlar, bank rahbarlari yaxshilab eshitib olsin: yarim yil yakuni bilan “gʻalvirni suvdan koʻtarib”, kim nima ish qilgani boʻyicha qattiq soʻrov qilaman”, - dedi davlatimiz rahbari maʼruzasi yakunida.
Prezident maslahatchilari, Hukumat aʼzolari, vazirlar va hokimlarning hisobotlari tinglandi.