Adliya vazirligi ijtimoiy tarmoqlardagi gaplarga izoh berdi
Har yili oʻrtacha 5-6 nafar bola jinsi noaniq holatda tugʻilishi holati uchrab turadi, deyiladi izohda.

Ijtimoiy tarmoqlarda “jinsini oʻzgartirishga ruxsat berildi...”, “endi kim jinsini oʻzgartirsa, u familiya, ism va ota ismini ham oʻzgartirishi mumkin...” mazmunidagi xabarlar tarqalmoqda. Adliya vazirligi bu haqda rasmiy izoh berdi.
Qonunchilikka muvofiq bolaning tugʻilishini qayd etish vaqtida uning jinsiga oid maʼlumotlar tibbiyot muassasasi tomonidan beriladigan tibbiy guvohnoma asosida yoziladi.
Biroq har yili oʻrtacha 5-6 nafar bola jinsi noaniq holatda tugʻilishi holati uchrab turadi, bunda dastlabki tekshiruvlar bolaning jinsini “oʻgʻil” yoki “qiz” deb koʻrsatsa-da, keyinchalik bola 5-10 yosh, ayrim holatlarda esa 10-16 yoshdan oshganda bolaning jinsi “oʻgʻil” emas “qiz” ekanligi yoki aksincha “qiz” emas “oʻgʻil” ekanligi aniqlanmoqda.
Shu kabi holatlarda tibbiyot muassasasining xulosasi bilan jinsga oid maʼlumotlarga tuzatish kiritiladi.
Maʼlumot uchun: bu kabi holatlarda jinsini tuzatish mumkinligi Oila kodeksining 229-moddasida belgilangan boʻlib, mazkur huquqiy normalar yangi joriy etilmagan, aksincha 1998 yil 1 sentabrdan buyon amalda hisoblanadi.
Bu borada qonunchilik hujjatlarida ayrim huquqiy boʻshliqlar mavjud boʻlgan.
Misol tariqasida, 2008 yilda tugʻilgan bolaning jinsini aniqlash imkoni boʻlmasdan “oʻgʻil” deb yozilgan va oʻgʻil bolaning ismi qoʻyilgan. Keyinchalik bola 16 yoshga toʻlgach tibbiy tekshiruvlarda uning jinsi “qiz” ekanligi aniqlanib, tibbiyot muassasasining xulosasiga asosan jinsiga oid maʼlumotlarga tuzatish kiritilgan. Biroq ushbu xulosa asosida uning familiya, ism va ota ismini qiz bolalarga mos ravishda oʻzgartirish imkoni boʻlmagan.
Mazkur huquqiy boʻshliqlarni bartaraf etish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 12 iyundagi 362-son qarori qabul qilinib, tibbiyot muassasasining xulosasiga asosan jinsiga oid maʼlumotlar tuzatilganda bolaning familiya, ism va ota ismini jinsiga mos ravishda oʻzgartirishi belgilandi.