Toshkentda quyma oltinga oʻxshatib tayyorlangan metallarni sotayotganlar ushlandi
Ular oddiy metallga tilla rangini berish orqali 70 ming dollarga pullayotgan boʻlgan.

Toshkent shahrida quyma oltinga oʻxshatib tayyorlangan metallarni 70 000 AQSh dollariga sotayotgan shaxslar ushlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yunusobod tumani boʻlimi va DXX xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Unda muqaddam firibgarlik va boshqa jinoyatlari uchun sudangan fuqarolar X.U. va A.D. oʻzaro til biriktirib, umumiy ogʻirligi 2,06 kg. boʻlgan oddiy metallga tilla rangini berish orqali quyma oltinga oʻxshatib tayyorlangan (“999,9” asllik belgisi tamgʻasi muhrlangan) metallarni fuqarolar M.S va R.L.ga 70 000 AQSh dollariga sotishga kelishgan. Ular ushbu pullar hisobidan 35 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanganlar.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 227-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.