Tojikistondan olib kelingan qariyb 50 kg giyohvandlik moddasi qoʻlga olindi
Ushbu yukni Xorazm viloyatida pullamoqchi boʻlgan shaxs Qoraqalpogʻistonning Toʻrtkoʻl tumanida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Tojikistondan olib kelingan qariyb 50 kg “opiy” giyohvandlik vositasi musodara qilindi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Xorazm viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Unda Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida yashovchi, 1990 y.t. fuqaro 49 kg 599 gr “opiy” moddasini oʻzining boshqaruvida boʻlgan DAF rusumli yuk avtomashinasining yukxonasidagi xufiyona joyga yashirgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasining Toʻrtkoʻl tumaniga olib kelgan vaqtida ashyoviy dalillar ushlandi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yoʻli bilan olib kelingan mazkur giyohvandlik vositasi kelgusida Xorazm viloyati hududida sotilishi rejalashtirilganligi maʼlum boʻldi.
Holat yuzasidan mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 28,246-moddasining 2-qismi va 273-moddasining 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Shuningdek, tergov harakatlari doirasida uning jinoiy sheriklarini aniqlash boʻyicha ham zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.