Avtomashina qoʻyish uchun joy talashgan haydovchilar oʻrtasida pichoqbozlik roʻy berdi
Bu haqda prokuratura va ichki ishlar organlari ishtirokidagi yigʻilishda maʼlum qilingan.

Andijonda mashinasi uchun joy talashga haydovchi sherigini pichoqladi. Bu haqda Andijon viloyati prokurori Murodillo Abduhakimov hamda Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi Sanjar Djabarovlar raisligida boʻlib oʻtgan muhokamada maʼlum qilingan.
Tadbir avvalida, ikki nafar haydovchining avtomashina qoʻyish uchun joy talashib, janjallashib ketishi oqibatida biri ikkinchisiga tigʻli jism orqali tan jarohati yetkazganligi holati yigʻilganlarga maʼlum qilingan. Ushbu jinoyatning kelib chiqishiga shart-sharoit yaratgan omillar tub ildizigacha tahlillar asosida tanqidiy muhokama qilindi.
Shuningdek, Andijon shahrida «Tigʻ» profilaktik tadbirlari sust darajada oʻtkazilayotganligi, bunga masʼul boʻlganlar tomonidan ish talab darajasida tashkil etilmaganligi ham tanqid ostiga olinib, bu boradagi targʻibot ishlarini kuchaytirish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi, deyiladi xabarda.