Viloyatda roʻyxatdan oʻtgan avtomobillar Toshkentda taksichilik qilish uchun litsenziya olishi mumkin boʻladi
Avtomobilning davlat raqami qaysi hududga oid boʻlsa, litsenziya faqat aynan shu hudud uchun berilishi shart hisoblanmaydi.

Transport vazirligi taksilar faoliyati boʻyicha yangi izoh bilan chiqdi.
Unga koʻra, taksi haydovchisi litsenziya talabnomasida oʻzi koʻrsatgan hududda hech qanday cheklovsiz faoliyat yurita oladi.
Birinchidan, yoʻnalishsiz taksi faoliyatini litsenziyalash transport vositasi roʻyxatdan oʻtkazilgan hududdan qatʼiy nazar, taksi haydovchisi tanloviga koʻra litsenziya talabnomasida koʻrsatgan oʻzini-oʻzi band qilish hududi boʻyicha amalga oshiriladi.
Yaʼni, taksi haydovchisining avtomobili qaysi hududda roʻyxatdan oʻtganidan qatʼiy nazar oʻzi xohlagan hududda faoliyat yurita oladi.
Masalan, Buxoro viloyatida roʻyxatdan oʻtgan avtomobilning egasi dastlab oʻzini-oʻzi band qilgan shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtadi va bunda taksi faoliyatini amalga oshirish hududini oʻzi tanlaydi. Shundan soʻng, litsenziya olish uchun kompozit ariza topshiradi.
Ikkinchidan, yoʻnalishsiz taksi litsenziya varaqasida koʻrsatilgan (oʻzi tanlagan) hududda va yondosh hududda (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) faoliyat koʻrsatishi lozim.
Yaʼni, cheklov litsenziyada koʻrsatiladigan hudud uchun oʻrnatilgan. Masalan, Buxoro viloyatida roʻyxatdan oʻtgan avtomobilning egasi oʻzi tanlagan Toshkent shahrida faoliyat yuritishi uchun litsenziya olganidan soʻng faoliyatini Toshkent shahri va unga tutash Toshkent viloyatida olib borishiga ruxsat etiladi.
Uchinchidan, avtomobilning davlat raqami qaysi hududga oid boʻlsa, litsenziya faqat aynan shu hudud uchun berilishi litsenziya talab va sharti hisoblanmaydi.
Yaʼni, avtomobilning boshqa hududda roʻyxatdan oʻtkazilganligi litsenziya berishni rad etish uchun asos boʻlmaydi.