platina.uz
Jamiyat

Buxoro hokimi zarur boʻlsa, bino ichidagi odamlarni koʻmib tashlashni buyurdi

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videodagi voqea salkam bir oy oldin olingan va endi sizdirilgan. Viloyat matbuot xizmati raddiya berdi.

Buxoro hokimi zarur boʻlsa, bino ichidagi odamlarni koʻmib tashlashni buyurdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripovning xususiy bogʻchani buzish haqida topshiriq bergani tasvirlangan videolavha tarqaldi.

"Bugunning oʻzida buzib tashlaysan, narsalari bilan, ichidagi odami bilan koʻmib tashlaysan", degan Zaripov videoda. Viloyat hokimligi holat yuzasidan rasmiy izoh berdi.

Qayd etilishicha, 22 may kuni viloyat hokimi boshchiligidagi ishchi guruh Buxoro shahridagi 2-sonli davlat maktabgacha taʼlim muassasasida olib borilayotgan qurilish-taʼmirlash ishlarini koʻzdan kechirgan. 1961 yilda qurilgan, 140 oʻrinli mazkur bogʻcha hozirda taʼmirtalab ahvolda boʻlib, uni taʼmirlash uchun mahalliy byudjetdan mablagʻ ajratilgan.

Oʻrganish davomida viloyat hokimi qurilish ishlarini jadallashtirish va qisqa muddatda yakunlash boʻyicha topshiriqlar bergan. Shu bilan birga, bogʻcha hududi va atrofida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan ham eʼtiroz bildirgan.

Hokim bogʻcha hududidan noqonuniy tarzda umumiy ovqatlanish obʼektiga ochilgan maxfiy kirish-chiqish yoʻlagi, obodonlashtirilmagan joylar va yuqori kuchlanishli transformator atrofidagi xavfsizlik choralarining yetishmasligiga alohida eʼtibor qaratgan. Taʼkidlanishicha, videodagi "buzib tashla" jumlasi aynan shu noqonuniy kirish yoʻlagi haqida aytilgan.

Viloyat hokimligi bu bayonot ijtimoiy tarmoqlarda "hokim xususiy bogʻchalarni buzishga topshiriq beryapti" degan talqin bilan notoʻgʻri tushunilganini, bu esa haqiqatga zid ekanini bildirdi.

Hokimlik maʼlumotiga koʻra, viloyatning boshqa shahar-tumanlaridagi maktabgacha taʼlim muassasalarida bu kabi holatlarni oʻrganish va zudlik bilan bartaraf etish maqsadida Buxoro shahri hokimining tegishli oʻrinbosariga "hayfsan" intizomiy chorasi qoʻllanilgan, noqonuniy yoʻlak bartaraf etilgan. 2-sonli bogʻchada olib borilgan oʻrganish jarayoni tasvirga olinib, mutasaddilarga yuborilgan va shu tarzda ijtimoiy tarmoqlarga tarqalgan.


© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid