Viloyat raqamidagi mashinalar Toshkentda taksichilik qilishi taqiqlandi
Bu haqdagi hukumat qarori 2 oy avval imzolanib, kuchga kirgani endi maʼlum boʻldi.

Vazirlar mahkamasi 2025 yil 2 aprel kuni "Avtomobil transportida yoʻlovchi tashish faoliyatini tartibga solish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi qarorni imzolagan.
Ushbu qarorning birinchi ilovasi 4-bob 14-bandida viloyatlarga tegishli davlat raqami bilan harakatlanuvchi mashinalarda Toshkent shahrida taksichilik qilish taqiqlangani belgilangan.
"Haydovchi faoliyatini litsenziya varaqasida koʻrsatilgan hududda va unga tutash hududda amalga oshirishi mumkin. Bunda litsenziya varaqasida koʻrsatilgan hudud avtotransport vositasiga berilgan davlat raqami belgilarining hududiy kodlaridan kelib chiqib aniqlanadi", deyilgan mazkur bandda.
Ushbu qaror bundan 2 oy avval imzolangan, ammo masʼullar bu boʻyicha tushuntirish yo izoh bermagan. Transport vazirligi matbuot xizmati kecha "Daryo" soʻroviga nisbatan bu haqda maʼlum qilgan.
"Bu tartib kecha yoki bugun paydo boʻlib qolmagan. 2011 yilda aynan mana shu yoʻnalishli taksilar faoliyatini tartibga soluvchi 139-sonli qaror chiqarilgan. Oʻsha qaror bilan tasdiqlangan nizomda yoʻnalishli taksilar uchun yagona tanish belgilari va ularning faoliyat yuritishi uchun qoʻyilgan talablar bor. Oʻsha nizomning 5-bob 9-bandida haydovchi yoʻlovchilarni yoʻnalishsiz taksida tashishni litsenziya kartochkasida belgilangan hududda amalga oshiriladi deb yozilgan. Bu qaror hozir oʻzining kuchini yoʻqotgan. Mazkur qaror oʻrnini bosuvchi 2025 yilda chiqqan qarorga koʻra, haydovchining oʻz hududida, yaʼni litsenziya kartochkasida koʻrsatilgan hududda faoliyat olib borishi belgilab qoʻyildi.
Yaʼni haydovchi faoliyatini oʻsha litsenziya varaqasida koʻrsatilgan hudud va unga tutash hududda olib boradi. Masalan Toshkent shahrida roʻyxatdan oʻtgan 01 kod bilan boshlanuvchi davlat raqamli transport vositasi Toshkent shahri, Toshkent viloyati va Sirdaryo viloyati hududida taksichilik faoliyati bilan shugʻullanishi mumkin. Xuddi shuningdek, viloyatlarniki ham xuddi shunaqa boʻladi", degan vazirlik axborot xizmati rahbari Navroʻz Ashurmatov.
Ashurmatov aytgan qaror 2011 yilda imzolangan va unda "davlat raqami belgilarining hududiy kodlaridan kelib chiqib aniqlanadi" degan joyi yoʻq (skrinshotga qarang). 2 oy oldin imzolangan qarorda esa bu qoʻshilgan va 2011 yildagi qaror oʻz kuchini yoʻqotgan.
