"UzAuto Motors"ga bosh direktor tayinlandi
Vengriyalik Yanosh Kovach General Motors, Opel, GM Powertrain Uzbekistan kabi kompaniyalarda ishlagan.

Yanosh Kovach "UzAuto Motors" AJ Kuzatuv kengashi qaroriga muvofiq, kompaniyaning bosh direktori lavozimiga tayinlandi.
Vengriyada tugʻilgan Yanosh Kovach Budapesht Texnika Universitetining avtomobilsozlik texnologiyalari boʻyicha muhandislik mutaxassisligini tamomlagan.
Kovach jahon avtomobil sanoatining yetakchi top-menejerlaridan biri sifatida General Motors, Opel, GM Powertrain Uzbekistan, UzAuto Peugeot Citroën Automotive va VinFast Automotive kabi kompaniyalarda muhim rahbarlik lavozimlarida koʻp yillik tajribaga ega.
Oʻz faoliyati davomida u sifatni boshqarish, ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirish va avtomobil zavodlari boshqaruvi boʻyicha masʼul boʻlgan.
Kovach 2021 yildan buyon "UzAuto Motors" AJ Kuzatuv kengashi aʼzosi va audit qoʻmitasi aʼzosi sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi. U bir necha kun avval kengashdan chiqarilgandi.
Odiljon Bastamkulov shu paytgacha "UzAuto Motors"ni vaqtincha boshqarib kelayotgandi.