Urganch va Xiva shaharlarida jamoat transporti narxi oʻzgaradi
Bir yoʻlovchi uchun naqd pulda toʻlov 3 ming soʻmni tashkil qiladi.

Urganch va Xiva shaharlarida jamoat transporti narxlari oshirilmoqda. Bu haqda 2025 yil 11 iyun kuni Xorazm viloyati hokimining qarori eʼlon qilindi.
Qarorga koʻra, narxlar quyidagicha belgilandi: Urganch va Xiva shaharlari hududida shahar yoʻlovchi transporti – avtobus qatnovlarini amalga oshirish uchun cheklangan tariflar:
a) bir yoʻlovchi uchun qatnov naqd pul orqali amalga oshirilganda cheklangan tarif – 3 000 soʻm;
b) bir yoʻlovchi uchun qatnov elektron toʻlov tizimi orqali amalga oshirilganda 1 martalik cheklangan tarif – 2 300 soʻm etib belgilandi (Xiva shahri bundan mustasno).
Oddiy aholi uchun avtobusning yillik tarifi 2 mln 801 ming 500 soʻm, talaba, pensioner va oʻquvchilar uchun esa 1 mln 401 ming soʻmni tashkil etadi. Oylik toʻlov esa ushbu toifalar uchun 115 ming soʻm etib belgilangan.
Shuningdek, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, Afgʻoniston urushi va Chernobil halokatida qatnashganlar jamoat transportida bepul yurish imkoniga ega boʻladi.
Ushbu qaror "Xorazm haqiqati" gazetasida eʼlon qilingandan keyin rasmiy kuchga kiradi.