Asosiy stavka yillik 14 foiz darajasida oʻzgarishsiz qoldirildi
Markaziy bankning ushbu masala boʻyicha navbatdagi yigʻilishi 2025 yil 24 iyul kuni boʻlib oʻtadi.

Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida oʻzgarishsiz qoldirdi.
Joriy yilning yanvar–may oylarida iqtisodiyotdagi yuqori faollik yalpi talabning shakllanishida asosiy omillardan biri boʻldi. Bu savdo va pullik xizmatlardan tushumlar va transchegaraviy pul oʻtkazmalari hajmlarining oshishi hamda banklararo tranzaksiyalar hajmi va koʻchmas mulk savdosi bitimlari soni oʻsishida namoyon boʻlmoqda.
Shuningdek, iqtisodiyotga kredit ajratish surʼatlarining yuqori darajada saqlanib qolayotgani va byudjet xarajatlarining oʻsishi ham iqtisodiy faollikni ragʻbatlantirishga hissa qoʻshmoqda. Ushbu omillar kelgusida yalpi talabni qoʻllab-quvvatlab, iqtisodiyotdagi narxlar darajasiga bosimni kuchaytirishi mumkin.
Jahon iqtisodiyotidagi noaniqliklar hamda xalqaro savdodagi keskinliklar natijasida koʻp davlatlarda pul-kredit sharoitlari qatʼiyligi uzoqroq davom etishi kutilmoqda. Shu bilan birga, soʻnggi oylardagi ayrim oziq-ovqatlar jahon narxlari oʻsishi kelgusida ichki narxlarga qoʻshimcha bosim yaratishi ehtimoli mavjud.
Shu va boshqa sabablarni inobatga olib, asosiy stavka oʻzgarishsiz qoldirildi.
Asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yigʻilishi 2025 yil 24 iyul kuniga belgilangan.