Suv boʻyicha qoidabuzarliklarni videoga olib yuborganlar ragʻbatlantiriladi
Huquqbuzarlik videotexnika vositalari orqali qayd etilib, 48 soatda Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi inspeksiya saytiga joʻnatilishi kerak.

Suv xoʻjaligi sohasidagi huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi videomateriallarni yuborgan shaxslar ragʻbatlantiriladi.
Hukumat qarori (352-son, 07.06.2025 y.) bilan “Jismoniy shaxslar tomonidan qayd etilgan suv xoʻjaligi sohasidagi huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi fotosuratlar va (yoki) videoyozuvlarni qabul qilish, koʻrib chiqish hamda ularni taqdim etgan shaxslarni ragʻbatlantirish tartibi haqida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizom Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks 74-moddasining 2-qismida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklarga nisbatan tatbiq etiladi.
Shaxslar huquqbuzarlikni videotexnika vositalari orqali qayd etib, 48 soatda Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Suv xoʻjaligi obʼektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasiga (Inspeksiya) "v-nadzor.gov .uz" veb-sayti orqali yuboradi.
Foto va videomateriallarda quyidagilar aks ettirilishi lozim:
- sodir etilgan huquqbuzarlik;
- huquqbuzarlik sodir etgan shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (agar mavjud boʻlsa);
- huquqbuzarlik sodir etilgan manzil, aniqlangan sana va vaqt.
Qoida tariqasida, foto va videomateriallarning davomiyligi 120 soniyadan oshmasligi lozim.
Foto va videomateriallar 10 kun muddatda Inspeksiyaning masʼul xodimi tomonidan koʻrib chiqiladi.
Huquqbuzarlik 1-marotaba sodir etilgan boʻlsa, huquqbuzarga suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibi (qoidalari) takroran buzilishining oldini olishga qaratilgan tavsiyalar yuboriladi.
Maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanganidan keyin 1 yil davomida huquqbuzarlik takroran sodir etilgan taqdirda, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining tegishli moddalarida nazarda tutilgan miqdorlarda jarima solishga sabab boʻladi.
Foto va videomateriallarni yuborgan shaxslar huquqbuzardan undirilgan jarima hisobidan BHMning 25 foizi miqdorida pul mukofoti bilan ragʻbatlantiriladi.
Ragʻbatlantirish jarima undirilgan kundan boshlab 15 kun muddatda amalga oshiriladi.